Prezident jamoatchilik bilan birgalikda shahar aylanmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari hamrohligida Toshkent shahridagi bunyodkorlik bilan tanishmoqda. Yangi transport obyektlari, yoʻllar, korxonalar ishga tushirilishi kutilmoqda.

Birinchi manzil Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻnalishi boʻldi. Davlatimiz rahbari “Bodomzor” bekatidan yangi “Turkiston” bekatigacha poyezdda borib, amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi.

– Bu yoʻl hamma narsani tezlashtiradi. Harakatni ham, iqtisodiyotni ham, hayotni ham, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu metro yoʻnalishining ikkinchi bosqichi qurilishi Prezidentning 2016-yil 7-noyabrdagi qaroriga muvofiq boshlangan edi. Shavkat Mirziyoyev bu yerga bir necha bor kelib, ishning borishi bilan tanishgandi.

Loyihaning umumiy qiymati 103,8 million dollar boʻlib, qariyb 3 kilometr metro yoʻli hamda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur bunyodkorlik ishlarining tarixini yodga oldi.

– Bu yoʻlni qurish oson boʻlgani yoʻq, – dedi Prezident. – Mablagʻ topib, chet eldan mutaxassislar olib kelib, loyihani sinchiklab koʻrib chiqdik. Ikki yil davomida qurilish boʻldi. Eng muhimi, bu transport arzon, xavfsiz, qulay.

Mutaxassislar qurilish jarayoni va sifati haqida maʼlumot berdi. Yoʻlning 850 metr qismi yerosti suv koʻp joyga toʻgʻri kelgan. Shuning uchun ilgari buni amalga oshirish imkoni boʻlmagan. Yangi loyihada Germaniya texnologiyasi qoʻllanilib, suvli joydan temir-beton tyubing qoʻyish orqali oʻtilgan.

Yana bir ahamiyatli tomoni, metropolitenning Yunusobod yoʻnalishi toʻliq boʻlmagani uchun rentabelligi yuqori emasdi. Bugungi kunda Yunusobod tumanida 340 mingdan ziyod aholi yashaydi. Metro yoʻli uzaytirilib, yangi bekatlar qurilgani odamlarga katta qulaylik yaratdi.

Bu transport tarmogʻi iqtisodiyot va ekologiya jihatidan ulkan ahamiyatga ega. Xususan, mazkur ikki bekat orqali kuniga 7,5 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi. Natijada avtobuslar yoʻnalishi optimallashib, avtomobillar tirbandligi kamayadi. Yiliga 5,3 ming tonna zararli gaz atmosferaga chiqishining oldi olinadi.

Umuman aytganda, Toshkent metropolitenidan kuniga 240 ming yoʻlovchi foydalanadi. Jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi – Yunusobod, Sergeli va Qoʻyliq yoʻnalishlari qurilishi natijasida yana 150 mingdan ziyod kishi qamrab olinishi rejalashtirilgan.

 

O’zA