Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi biznes forumi va kooperatsiya birjasi tashkil etildi.
Unda ikki mamlakatning savdo, sanoat, iqtisodiyot, qurilish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik va yengil sanoat, axborot texnologiyalari kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirliklar, 100 dan ziyod kompaniya va firma vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik turli sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. O‘zaro manfaatli sheriklik asosidagi hamkorlik doirasida istiqbolli loyihalar hayotga joriy etilmoqda. Mamlakatlarimiz Prezidentlarining siyosiy irodasi va hamfikrligi tufayli O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston munosabatlari mustahkamlanib, o‘zaro aloqalar faollashdi. Hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri J.Xo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot vaziri A.Novikov va boshqalar xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik aloqalari savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.
Joriy yil yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 60 foizga o‘sdi. Mamlakatimizda Qirg‘iziston kapitali ishtirokidagi 50 dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Qirg‘izistonda o‘zbekistonlik ishbilarmonlar tomonidan 50 ga yaqin korxona tashkil etilgan.
Tadbirda qayd etilganidek, vazirlik va kompaniyalar hamda ishbilarmon doiralarning mazkur uchrashuvi O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlash, teng sheriklik asosida manfaatli biznes yuritishni rivojlantirish uchun qulay platforma vazifasini o‘taydi.
– Yangi formatdagi bunday forumlar hamkorlik darajasini izchil rivojlantirish imkonini beradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimi G‘afurjon Usmonov. – Bugungi tadbirda turli sohalarda hamkorlikni jadallashtirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Muntazamlik kasb etgan bu kabi tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida “Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, qonunchilik va ishbilarmonlik muhiti” mavzuida davlat organlari vakillari va ishbilarmonlar muzokaralari o‘tkazildi. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalariga bag‘ishlangan sho‘ba yig‘ilishlarida bu boradagi hamkorlikni kengaytirish hamda bunday tadbirlarni har yili o‘tkazishga kelishib olindi.
– Korxonamiz yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi Qirg‘izistonning “VivaTex” kompaniyasi savdo direktori Dinora Mamasiddiqova. – Tadbirda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan ip-kalava yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Mamlakatingizda yaratilgan qulay investitsiya muhitidan foydalanib, kelgusida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish va O‘zbekistonda ham faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.
Muzokaralarga boy o‘tgan forum doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid 60 ga yaqin hujjat imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi o‘rtasida savdoni moliyalashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hadli kelishuv, 2017-2019-yillarda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma amaliy harakatlar rejasi («Yo‘l xaritasi») hamda ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik bitimi qoidalarini amalga oshirishga doir harakatlar rejasi («Yo‘l xaritasi») shular jumlasidan.
Ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida o‘tkazilgan kooperatsiya birjasida o‘zaro hamkorlikning amaliy jihatlari, qo‘shma korxonalar tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.