Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-avgust kuni Toshkent shahrining Bektemir tumanida bajarilayotgan ishlar, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Pandemiya tufayli vaqtincha toʻxtab qolgan korxonalar oʻz faoliyatini tiklay boshladi. Lekin ular yana toʻliq quvvatga chiqishi uchun vaqt va ragʻbat zarur. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qator farmonlari va videoselektor yigʻilishlarida bu borada aniq vazifalar belgilanib, izchil amalga oshirilmoqda.
Prezident dastlab “Bektemir metall konstruksiyalari” masʼuliyati cheklangan jamiyati metallga qayta ishlov berish zavodiga bordi.
Loyihaning umumiy qiymati 48 million dollar boʻlib, 2018-yilda ishga tushirilgan. Korxona yiliga 65 ming tonna ruxlangan metall, 1 600 kilometr yoʻl toʻsiqlari, 130 ming tonna payvandlangan quvur va 17 ming dona yoritish ustuni ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Metall konstruksiyalarini issiq haroratda ruxlash Italiyaning Bisol S.p.A. uskunasida, xalqaro meʼyorlar va sifat standartlari darajasida amalga oshirilmoqda. Bunday mahsulotlar chidamliligi, koʻrimliligi va oʻrnatish jarayonida qulayligi bilan afzal. Shuningdek, bu yerda Xitoy, Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilgan.
Bugungi kunda ushbu korxonada ishlab chiqarilgan metall konstruksiyalaridan Toshkent shahri va viloyatlarda keng foydalanilmoqda.
Korxonada jami 375 nafar muhandis va ishchi mehnat qilmoqda.
Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirib, mutasaddilarga qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.
– Bu texnologiyalar ham, mahsulotlar ham yaxshi. Lekin har dam rivojlanishni oʻylash kerak. Arzon, xavfsiz va sifatli konstruksiyalar ishlab chiqarib, korxonaning qurilish industriyasidagi oʻrnini kengaytirish zarur. Mahsulot qachon arzon boʻladi? Sharoit yaratsak, –dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunga erishish uchun loyihalashtiruvchi guruh tuzish, Yevropa mamlakatlari, xususan, Germaniya tajribasi asosida korxonani sanoat klasteriga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.
Malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng Prezident tumandagi “Binokor” masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishlab chiqarish maydoniga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbarining tumanga avvalgi tashrifi chogʻida bu korxona faoliyati haqida taqdimot oʻtkazilgan edi. Umumiy qiymati 50 million dollardan ziyod boʻlgan loyihaning birinchi bosqichi 2018-yilda ishga tushirilgan. Bugungi kunda ikkinchi bosqichi faoliyat boshlash arafasida.
Buning uchun yangi majmuaga Germaniyaning “Vollert”, “Würschum”, Italiyaning “Maema”, “Schnell”, “AWM”, Rossiyaning “Tochnaya Stroitelnaya Mexanika”, “Gruzopodyem”, Polshaning “Airpol” va Ispaniyaning “Azcona Y Pantoja SL” kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiya va dastgohlar keltirib oʻrnatilgan.
Shu oʻrinda eslash joizki, avvalgi yigirma yilda koʻp qavatli uylar qurish tajribasi yoʻq boʻlish holatiga kelib qolgandi. Bunga ixtisoslashgan avtokranlar ham, mutaxassislar ham yetishmasdi. Oxirgi uch yilda birgina Sergeli tumanida 460 ta koʻp qavatli uy barpo etildi. Mamlakatimiz boʻylab bunday bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda.
“Binokor” korxonasida tayyorlanayotgan temir-beton panellar koʻp qavatli uylar va boshqa inshootlar qurishda qoʻllanilmoqda. Hozirgacha bu yerda 1 ming 200 dan ziyod muhandis va mutaxassislar ishlab, yiliga 150 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarayotgan edi. Korxona toʻliq quvvatga chiqqach, yiliga yana 180 ming kvadrat metr qurilish paneli tayyorlanib, qoʻshimcha 670 ta ish oʻrni yaratiladi.
Prezident korxona faoliyati bilan tanishar ekan, masʼuliyati cheklangan jamiyatning moddiy-texnik bazasidan foydalanib, bu yerda oʻquv-amaliyot kombinati tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berdi.
– Mamlakatimizda katta-katta qurilishlar boʻlyapti, yana rejalar koʻp. Yoshlarga zamonaviy qurilish texnologiyalari boʻyicha yetarli malaka bersak, daromadlari ham ikki-uch barobar oshadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda 2020-2022 yillarda Toshkent shahri hamda Bektemir tumanida amalga oshiriladigan eksport va investitsiya loyihalari boʻyicha maʼlumot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi “Prof-Milk” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda chorvachilik bilan birga goʻsht va sutni qayta ishlash tarmogʻi kompleks rivojlantirilmoqda. Xususan, bugungi kunda sutni qayta ishlovchi 600 dan ziyod korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda tayyorlanayotgan sara mahsulotlar elimiz dasturxonidan joy oldi, xorijga ham eksport qilinyapti.
“Prof-Milk” qoʻshma korxonasi shu oyda ishga tushirildi. Loyiha qiymati 3 million dollar boʻlgan ushbu majmua Shveysariyaning “Tanotrade” kompaniyasi va “Toshelektroapparat” xususiy korxonasi hamkorligida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Bu yerda 50 kishi ish bilan band.
Korxonada yiliga 1,5 ming tonna mahsulot, pishloqning 10 ga yaqin turi ishlab chiqariladi. Joriy yilda esa eritilgan pishloq bu qatorni toʻldirishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi. Korxonani barqaror xomashyo bilan taʼminlash, mahsulotlar turini koʻpaytirib, yangi bozorlarni oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu yerda “BARTEC TRADE” kompaniyasi tomonidan import oʻrnini bosuvchi ehtiyot qismlar ishlab chiqarish loyihasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari Bektemir tumanidagi “Metal Processing” masʼuliyati cheklangan jamiyatda tayyorlanayotgan mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.
Umumiy qiymati qariyb 34 milliard soʻm boʻlgan mazkur loyiha sanoatni mahalliylashtirish, import oʻrnini toʻldirishda juda muhim ahamiyatga ega. Chunki toʻqimachilik texnologiyalari har besh yilda oʻzgarib turadi. Bundan tashqari, detallari eskiradi yo buziladi. Ilgari oddiy qismlar ham chetdan olib kelinardi.
“Metal Processing” MCHJda toʻqimachilik korxonalari buyurtmasi asosida dastgohlar uchun qoplama va ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi 12 ta yirik toʻqimachilik majmuasi bilan hamkorlik oʻrnatilgan.
– Uzoq yillar davomida vaziyat shunday ediki, mashaqqat bilan yetishtirgan paxtamizdan foydani boshqalar koʻrardi. Keyingi paytlarda uning yurtimizda qayta ishlash darajasi keskin oshdi. Toʻqimachilik klasterlari paydo boʻldi. Ularning zamini – paxtani qayta ishlash. Buning uchun esa ilgʻor texnikalar, servislar kerak, –dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonada 85 nafar mutaxassis faoliyat olib boradi. Shveysariyaning “SkillSonics International AG” kompaniyasi bilan hamkorlik asosida metallga ishlov berishda jahon standartlaridan foydalanib kelinmoqda.
– Bunday korxonalarning “yuragi” – muhandis, konstruktorlar. Afsuski, bizda koʻp zavodlarning shunday “yuragi” yoʻq. Aqlli mutaxassislarni topib, qoʻllab-quvvatlasak, mahalliylashtirishga katta hissa qoʻshadi, – deya taʼkidladi Prezident.
Shu yerda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti kafedralari boʻlimini ochib, amaliyotni kengaytirish lozimligi qayd etildi. Kooperatsiya asosida buyurtmani koʻpaytirish, korxona rentabelligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Bektemir tumanidagi “Cooperation LAB” tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markaziga tashrif buyurdi.
“UzAuto Motors”, “SamAvto”, “JV MAN Auto – Uzbekistan”, “General Motors Powertrain Uzbekistan” singari korxonalarda zamonaviy avtotransport va butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, koʻplab ehtiyot qismlar xorijdan olib kelinmoqda. Bozor konyunkturasi va sanoat korxonalaridagi talabni tahlil qilish asosida yangi ehtiyot qismlarni oʻzlashtirish choralari koʻrilmoqda.
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tashabbusi bilan Bektemir tumanida “Cooperation LAB” tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markazi shu maqsadda tashkil etilgan.
Loyiha qiymati 2 million dollar boʻlgan bu maskanda 50 kishi ish bilan taʼminlangan. Markaz gʻoyadan rastagacha tamoyili asosida avtomobilsozlik sohasida tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, importni kamaytirish va mahalliylashtirish darajasini oʻstirishga moʻljallangan.
Hududdagi doimiy ishlaydigan koʻrgazma pavilyonida “Oʻzavtosanoat” va boshqa kompaniyalar tomonidan mamlakat avtobozoriga import qilinayotgan butlovchi detallar, xomashyo va materiallar namoyish qilinadi. Ular Oʻzbekiston hududida, jumladan, mavjud korxonalarda ishlab chiqarish hajmlarini va ehtimoliy yoʻnalishlarni namoyish etish hamda import mahsulotlarni mahalliylashtirish uchun taqdim etiladi. Yurtimizdagi xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan keng foydalanish raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash va butlovchi qismlar importini qisqartirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari markazning kooperatsiya aloqalariga oid taqdimotlar bilan tanishdi. Malakali konstruktor va olimlarni jalb qilib, yangi texnikalarni oʻzlashtirish va buyurtma asosida yetkazib berish muhimligi taʼkidlandi.
Mashinasozlik va elektrotexnika sohasida kooperatsiyani kengaytirishda yangi ochilgan “Cooperation LAB” markazi katta salohiyatga ega. Ushbu markaz tadbirkorlarga “gʻoyadan – tayyor mahsulotgacha” injiniring, texnik yechimlar va bozor topish imkonini beradi.
Shu yerda viloyat hokimlariga tadbirkorlar guruhlarini shakllantirib, markaz bilan birga sanoat kooperatsiyasidagi yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish topshirigʻi berildi.
Markazda ishlab chiqilgan takliflarni “loyihalar fabrikasi” orqali moliyalashtirish uchun tijorat banklari bilan hamkorlik oʻrnatish kerakligi taʼkidlandi.
Shavkat Mirziyoyev “Cooperation LAB” markazining oʻzida hududlarda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Hozirgi kunda mamlakatimiz sanoatida mahalliylashgan mahsulot hajmi atigi 4 foizni tashkil etmoqda. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, endi davlat xaridlarida yurtimizda tayyorlangan mahsulotlarga ustuvorlik berilib, ishlab chiqarish yana-da ragʻbatlantiriladi. Jumladan, tenderda ikkitadan koʻp oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchi mavjud boʻlganda, faqat ularning mahsuloti qatnashadi. Shuningdek, mahalliy mahsulotlarga import tovarlarga nisbatan 15 foizlik narx preferensiyasi beriladi. Bundan buyon byudjet hisobidan amalga oshiriladigan barcha xaridlarda mahalliy hokimiyat vakillari bevosita ishtirok etadi.
Yigʻilishda shu kabi imkoniyatlarni ishga solib, lokalizatsiya va kooperatsiyani rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Masalan, avtomobil sanoatida import qilinayotgan 1 ming 712 turdagi butlovchi qismlarni yurtimizda ishlab chiqarib, valyuta xarajatlarini kamida 150 million dollarga kamaytirish mumkinligi qayd etildi. Ushbu mahsulotlarni oʻzlashtiruvchi hududiy korxonalarni aniqlab, ularda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish vazifasi qoʻyildi. Avtomobillar tannarxini kamaytirib, bozorda raqobatbardoshligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Qishloq xoʻjaligi uchun kichik mexanizatsiya, uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish uchun talab ham, imkoniyatlar ham yetarli. Masalan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlaridagi toʻla quvvatda ishlamayotgan korxonalar va servis bazalarida 120 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarish mumkin. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikalariga sifatli xizmat koʻrsatadigan xususiy servis korxonalari tashkil etish va ushbu sohada mutaxassis tayyorlash kerakligi qayd etildi.
Elektr texnikasi, avtomobil sanoati va qishloq xoʻjaligi oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish masalalari tahlil qilinib, tegishli vazifalar belgilandi.
– Tarmoqlar va hududlar oʻrtasida oʻzaro kooperatsiya boʻlmas ekan, qoʻshilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib boʻlmaydi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari hisobot berdi.
Prezident Bektemir tumani faollari bilan uchrashdi.
Bektemir tumani Toshkent shahri sanoatining 10 foizini taʼminlaydi. Joriy yilning oʻtgan davrida bu yerda sanoat mahsuloti 9 foizga, xizmat koʻrsatish 8 foizga, eksport 11 foizga oʻsgan.
Uchrashuvda tumanda yangi “oʻsish nuqtalari”ni topish va aholi hayotini yaxshilash borasidagi rejalar aytib oʻtildi.
Masalan, Bektemir tumaniga Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlaridan jami 1 ming 639 gektar yer oʻtkaziladi. Natijada tuman hududi 3 ming 472 gektarga yetadi. Buning hisobiga yangi sanoat va xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etish, minglab ish oʻrinlari ochish imkoniyati yaratiladi.
Yaqin uch yilda tumanda umumiy qiymati 3,3 trillion soʻmlik 61 investitsiya loyihasi amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda 52 ta shunday loyiha ishga tushirilib, 2 ming 700 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.
Tumanda ishsizlik darajasi 3,3 foiz, jumladan, ayollar orasida 1,7 foiz, yoshlar oʻrtasida 1,5 foiz ekani qayd etildi. Maktabgacha taʼlim muassasalari yetishmasligi, qator mahallalarda ichki yoʻllar holatining yomonligi, kommunal tizimlarda ham kamchiliklar borligi koʻrsatib oʻtildi.
Yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, kambagʻallikni kamaytirish, uy-joyga muhtoj oilalarga uy ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Xizmat koʻrsatish sohasini keskin rivojlantirish, yangi ijtimoiy obyektlar barpo etish, kommunal tarmoqlarni qurish va taʼmirlash, uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalariga toʻxtalib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari mahalla raislari, yoshlar yetakchilari bilan muloqot qildi.
Bektemir tumani faollari bilan uchrashuvdan soʻng davlatimiz rahbari mamlakatimizda ishlab chiqarilishi loyihalashtirilgan maxsus avtomobillarni koʻzdan kechirdi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil yanvarda Germaniyaga rasmiy tashrifi chogʻida “Oʻzavtosanoat” AJ va “Volkswagen” konserni oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Unga muvofiq, Jizzax avtomobil zavodida 3 xil modifikatsiyadagi “Volkswagen Caddy” minivenini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yetti oʻrinli bu avtomobil turli sohalarga ixtisoslashtirish uchun juda mos keladi. Shuningdek, “Isuzu” zavodida ham qulay platforma mavjud.
Maʼlumki, mamlakatimizda yengil avtomobillar, yuk mashinlari va maxsus texnikalar ishlab chiqarilib, aynan shu yoʻnalishdagi segment boʻsh edi. Qoʻshni davlatlarda ham bunday avtomobillarga ehtiyoj bor.
Shu maqsadda tajriba tariqasida “Volkswagen”, “Škoda” va “Isuzu” liniyasida maxsus mashinalar namunalari tayyorlandi.
Shavkat Mirziyoyev bunday yangi yoʻnalish import oʻrnini toʻldirish va eksportni kengaytirishda muhim ekanini taʼkidlab, kerakli koʻrsatmalar berdi.
Ushbu mashinalar joriy yilning toʻrtinchi choragida Jizzax avtomobil zavodida yigʻila boshlaydi. 2022-yildan ishlab chiqarishning toʻliq siklini oʻzlashtirish rejalashtirilgan.
OʻzA