O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov 13 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti dastlab poytaxtimizdagi Mustaqillik maydonida bo‘ldi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Sooranbay Jeenbekov mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlari tor doirada muzokara o‘tkazdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sooranbay Jeenbekovni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, bugungi muzokaralar O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Joriy yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari rivojida tarixiy davr bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ko‘plab masalalar bo‘yicha hamfikrligi, hamkorlikka intilishining mushtarakligi tufayli barcha sohalardagi hamkorlik mustahkamlandi.
Qirg‘iziston Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashriflaringizdan birini O‘zbekistonga amalga oshirganingizni yuksak qadrlaymiz. Biz buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga bo‘lgan qat’iyatingiz ifodasi sifatida qabul qilamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sooranbay Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirdi va Qirg‘iziston xalqi nomidan chuqur hurmat-ehtirom izhor etdi.
Siz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi davlat chegaralarini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik chegarasiga aylantirdingiz, dedi Qirg‘iziston Prezidenti.
Prezidentlar ushbu tashrif savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish, yangi o‘tkazish punktlari ochish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladilar.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni faol rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar.
Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Xalqaro maydonda o‘zaro munosabatlarni davom ettirish va mustahkamlash borasida ulkan salohiyat mavjudligi, O‘zbekiston bilan Qirg‘izistonning BMT, MDH, ShHT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishga intilishi mushtarakligi qayd etildi.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalari faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi bilan hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar o‘rtasida aloqalar tobora kengaymoqda.
Muzokarada Prezident Sooranbay Jeenbekov Qirg‘iziston O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev va Sooranbay Jeenbekov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Unda asosiy e’tibor O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, fan-texnika, madaniy-gumanitar va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutmoqda. Ikki mamlakat Bosh vazirlari mazkur komissiyaning hamraislari etib tayinlangani tomonlarning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga yuksak e’tiboridan dalolat beradi.
Keyingi paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib bormoqda. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari 56 foizdan ziyodga o‘sib, 235 million dollarga yetdi.
Muzokarada ta’kidlanganidek, bu ko‘rsatkich ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmaydi. O‘zaro tovar ayirboshlash nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, qo‘shma savdo uylari ochish, biznes-forumlar va milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston Prezidentining rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi va biznes-forum tashkil etilgani, ishbilarmon doiralar vakillarining muzokaralari o‘tkazilgani va ularda ikki mamlakatdan ko‘plab tadbirkorlar ishtirok etgani, qariyb 140 million dollarlik shartnomalar imzolangani savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanayotgani tasdig‘idir.
Qirg‘iziston hududida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikasi, yengil avtomobillari, avtobuslari, maxsus pritseplari va maishiy buyumlarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish hamda qurilish materiallari va to‘qimachilik sanoatida qo‘shma korxonalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Tomonlar bu loyihalar bilan cheklanib qolmasdan, sanoat kooperatsiyasi sohasida ham birgalikda istiqbolli yo‘nalishlar topishga kelishib oldilar.
Tashriflar almashish, barcha sohalarda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish orqali O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va yanada mustahkamlashga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratiladi.
Qirg‘iziston O‘zbekistonning ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarligida Hokimlar va chegaraoldi viloyatlar ma’muriyatlari rahbarlari kengashining birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Prezidentlar qisqa muddatda jahon bozoriga chiqish imkonini beradigan transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasida o‘zaro hamkorlik strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.
Davlat rahbarlari «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temir yo‘li qurilishini imkon qadar tezlashtirish mintaqa mamlakatlari manfaatiga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar. Bu Markaziy Osiyoning jozibadorligini oshirish va tranzit salohiyatini to‘la yuzaga chiqarish imkonini beradi.
2017-yil 30-oktabr-3 noyabr kunlari «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi xalqaro avtokarvon o‘tkazilganiga yuksak baho berildi. U mintaqadagi transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda yana bir muhim omil bo‘ladi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu masalalarga amaliy yechim topish uchun Qo‘shma suv xo‘jaligi komissiyasini tuzish va yaqin vaqtlar ichida uning majlisini o‘tkazishga kelishib olindi.
Gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilinar ekan, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari an’analari, madaniyati va qadriyatlari mushtarakligi ta’kidlandi. Bizning tilimiz, dinimiz, tariximiz va merosimiz bir. Bu jihatlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojida muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekistonda qirg‘iz tili va madaniyati, Qirg‘izistonda o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda Qirg‘iziston teatr namoyandalari Farg‘ona vodiysida, o‘zbekistonlik san’at ustalari O‘sh, O‘zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlarida ijodiy safarda bo‘ldi. Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi.
Davlat rahbarlarining kelishuviga binoan kelgusi yili O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, 2018-yilda xalqlarimiz atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning yubileyini keng nishonlaydi.
Shu munosabat bilan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan doimiy ko‘rgazma tashkil etish to‘g‘risidagi qaror uchun minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sooranbay Jeenbekov Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Bu hujjatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, suv-energetika, madaniy-gumanitar, transport va kommunikatsiya, hududlararo hamkorlik sohalaridagi davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari o‘z ifodasini topgan.
Ikki mamlakat hukumatlari vakillari moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlik to‘g‘risidagi dasturni imzoladi.
Bojxona xizmatlari o‘rtasida tovarlar va transport vositalarini o‘tkazishda bojxona amaliyotlarining soddalashtirilgan tartibini joriy qilish, favqulodda vaziyatlar vazirliklari o‘rtasida 2018-yilda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat fanlar akademiyalari va kasaba uyushmalari federatsiyalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi bilan Qirg‘iziston Respublikasi hukumati huzuridagi Yoshlar, jismoniy tarbiya va sport ishlari bo‘yicha davlat agentligi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar o‘zaro anglashuv, ochiq va samimiy ruhda o‘tgani, erishilgan kelishuvlar xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidentining birinchi tashrifi chog‘ida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Sooranbay Jeenbekov xalqlarimiz shunday kelishuvlarga erishilishini kutganini va o‘zaro munosabatlarimiz tarixiga bitiladigan bu ezgu ishga hissa qo‘shganidan mamnun ekanini ta’kidladi.
Ma’lumki, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning «Danaker» ordeni bilan mukofotlangan edi. Yuksak davlat mukofotlaridan bo‘lgan ushbu orden xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga, millatlararo totuvlikni asrash, ilm-fanni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni yaqinlashtirish va boyitishga katta hissa qo‘shgan insonlarga beriladi.
Danaker – yarashtiruvchi degan ma’noni anglatadi. Mukofot davlatimiz rahbarining O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarini rivojlantirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlarining yuksak e’tirofidir.
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov «Danaker» ordenini tantanali ravishda topshirdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.