Odil sudlovga erishish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi majlisi boʻlib oʻtdi.
Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan majlisda sudyalar, senatorlar, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sud tizimida tarixiy islohotlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.
Bu inson huquqlarini himoyalash, fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining Parlamentga Murojaatnomasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmini joriy etish qayd etilgan edi.
2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida aynan shu jihatlarning amaliy ifodasi aks ettirildi.
Farmonda nazarda tutilgan yangi imkoniyatlar toʻliq hayotga joriy etilishi fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va investorlarning odil sudlovga erishishi uchun keng yoʻl ochadi.
Yigʻilishda farmon ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan Oliy sud plenumining “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

 

N.ABDURAIMOVA, OʻzA