Shu kasbni tanlaganimdan afsuslanmayman

Har davrning oʻz qahramonlari boʻladi.
Butun dunyoni larzaga solayotgan koronavirus pandemiyasi davrida tibbiyot xodimlari ushbu kasallikka chalinganlarni davolash, ularning hayotini saqlab qolish yoʻlida tunu-kun astoydil mehnat qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan ularni bugunning tom maʼnodagi qahramonlari desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filiali reanimatsiya boʻlimi shifokori Gulfiya Qutiboyeva ana shunday qahramonlardan biri. U bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasining jonlantirish boʻlimida faoliyat olib bormoqda.
Samarkqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan boʻlgʻusi shifokor oʻz mehnat faoliyatini 1998-yilda Oʻ.Xalmuratov nomidagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazida boshladi. 2002-yilda buyon esa Respublika shoshilinch tibbiy xizmat ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filialida ishlab kelmoqda.
– Jonlantirish boʻlimi shifoxonaning hayot-mamot joyi, – deydi shifokor Gulfiya Qutiboyeva. – Boʻlimimizda olti nafar shifokor, shuningdek, hamshira va boshqa tibbiyot xodimlari birgalikda bu yerdagi bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun kurashayapmiz. Har bir bemorni eʼtibordan chetda qoldirmasdan, sogʻligini kuzatib boramiz. Ular orasida maxsus apparat orqali nafas olayotgan ogʻirlari ham bor. Sogʻayib ketsa koʻzimizga yosh olib xursand boʻlamiz, vafot etsa qiynalamiz.
Tibbiyot xodimlarini bugunning askarlari desak boʻladi. Aprel-may oylarida bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlab ketgan edim. Iyul oyining boshida tajribamizni hisobga olgan holda chaqirdi, yana keldik. Shifokorlardan Qalbika Sharipova, Paraxat Yesimbetov, Bahodir Xoʻjalepesov, Ilhom Xalilloyev va boshqa tibbiyot xodimlarining mehnati beqiyosdir. Qanday qiyinchilik boʻlmasin, shifokorlik kasbini tanlaganimdan afsus qilmayman.
– Bu borada oilangiz aʼzolarining fikri qanday?
–Turmush oʻrtogʻim bank xodimi. Ikki oʻgʻil va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazayapmiz. Katta oʻgʻlim shifokorlik kasbini tanladi, ayni kunda Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi. Oila aʼzolarim va qarindosh urugʻlarim meni yaxshi tushunadi va hamisha qoʻllab-quvvatlaydi.
–Shifokor sifatida aholiga qanday tilagingiz bor?
–Jonlantirish boʻlimidagi kasallikdan qiynalayotgan bemorlarning holatini bir koʻrsangiz edi. Aholidan iltimosim, karantin qoidalariga qaʼtiy amal qiling. Zarurat boʻlmasa uydan chiqmang. Buning bilan siz nafaqat oʻzingizning, balki oila aʼzolaringizning, yon atrofingizdagilarning salomatligini saqlab qolgan boʻlasiz.
Ushbu maqola tayyorlanayotgan paytda quvonchli xabar keldi. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhi davlatimiz rahbari farmoniga koʻra faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida suhbatdoshim, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filiali reanimatsiya boʻlimi shifokori Gulfiya Qutiboyeva ham bor. U “Sogʻlom turmush” medali bilan taqdirlandi. Barcha mukofotlangan tibbiyot xodimlarini muborakbod etib, mashaqqatli ishlarida zafarlar tilaymiz.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA