O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Tezkor davlat xizmatlari agentligi tuzilishi haqida ma’lum qilgandi.
Oradan bir hafta o‘tmay, aniqrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kuni kecha imzolangan «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan yangi tuzilma – Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalari bilan tashkil etildi.
Agentlikning asosiy vazifalari etib:
jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish;
Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish, mazkur sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat xizmatlari ko‘rsatishda foydalaniladigan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini loyihalashtirish, tayyorlash, joriy etish va integratsiya qilishga yagona yondashuvlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan tegishli axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish va samaradorligini baholash;
davlat xizmatlari ko‘rsatishning innovatsion shakllari va uslublarini joriy etishni tashkil qilish, mazkur sohada qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilandi.
Agentlik Adliya vazirligining Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari negizida tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatining 24 ta, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalarining 157 ta shtat birligi Agentlikka o‘tkaziladi.