XTV 50 ming xodimning bepul taʼlim olishi uchun imkoniyat yaratmoqda

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Coursera platformasida jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlarining 430 yoʻnalish boʻyicha 3800 turdagi oʻquv kursida xalq taʼlimi tizimidagi 50 ming xodim, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari va yuqori sinf oʻquvchilari uchun bepul taʼlim olish imkoniyati yaratildi.
Xalq taʼlimi vazirligi hamda Coursera tashkiloti (AQSH) hamkorligida “Coursera Workforce Recovery” dasturi doirasida taʼlim tizimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan xodimlar, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari va yuqori sinf oʻquvchilari uchun bepul onlayn oʻquv kurslari tashkil etilmoqda.
Aksariyat kurslar va mutaxassisliklarda taʼlim olish odatda obuna asosida oyiga 39-79 AQSH dollarini tashkil etadi. Onlayn kurslar ingliz yoki rus tillarida olib boriladi.
Dastur doirasida maktab bitiruvchilari va yuqori sinf (10-11-sinflar) oʻquvchilarini kelajakda kasbga tayyorlashda qoʻshimcha zarur bilimlarni egallashi uchun Coursera platformasida mavjud foydali kurslar roʻyxati shakllantiriladi hamda ular boʻyicha onlayn taʼlim olishi taʼminlanadi.
Turli mutaxassisliklar boʻyicha xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritgan tinglovchilar nafaqat kasbiy rivojlanish yoʻlida ilgʻor qadam qoʻygan boʻladi, balki onlayn freelancing platformalardan foydalangan holda oʻz daromadlarini oshirish imkoniyatiga ham ega boʻlishi mumkin. Xalqaro sertifikatlar bilan Preply, Fiver, Upwork va shu kabi freelancing platformalarida qoʻshimcha daromad topish imkoni bor.
Mazkur kurslarda taʼlim olish uchun tinglovchilardan ingliz yoki rus tilini bilish darajasi kamida B1 boʻlishi talab etiladi.

 

OʻzA