Shu paytgacha tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatib kelgan markazlar 2018-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantiriladi. 

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kuni kecha imzolangan «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘rsatilgan.

Davlat xizmatlari markazlari «yagona darcha» markazlarida yuridik shaxslarga ko‘rsatilgan xizmatlar bilan birga aholiga ham xizmat ko‘rsatadi.

Yangi markazda kelgusi ikki yilda bosqichma-bosqich “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatiladigan 58 ta davlat xizmati joriy etiladi. Ularning qatorida uy-joylarning suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirishga ruxsatnoma, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish (propiska), ro‘yxatdan chiqarish va hisobga qo‘yish, turli arxiv ma’lumotnomalari, patentlar, guvohnomalar va rasmiy hujjatlar dublikatlarini olish kabi aholining talabi yuqori bo‘lgan xizmatlar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Xalq qabulxonalari negizida, Prezident huzurida alohida tuzilma tashkil etilishini ma’lum qilgandi.

 

O‘zA