Qoraqalpogʻistonlik qiz “MDHning eng yaxshi talabasi-2020” xalqaro tanlovida gʻolib boʻldi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakultetining bitiruvchi kurs talabasi Nargiza Boltaboyeva Qozogʻiston poytaxti Nur-sulton shahrida boʻlib oʻtgan “MDH ning eng yaxshi talabasi-2020” xalqaro tanlovida birinchi oʻrinni egalladi.

– Loyihaning maqsadi – MDH davlatlari oliy taʼlim muassasalarining eng yaxshi talabalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning ilm-fan, texnika rivojiga hissa qoʻshib kelayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni munosib ragʻbatlantirishdan iborat, – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti rektorining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Injoyim Seytnazarova.
– Tanlov yakunida Nargiza Boltaboyevaning ilmiy mehnatlari, qoʻlga kiritgan yutuqlari birinchi oʻringa loyiq, deb topildi. U tashkilotchilar tomonidan I darajali diplom va “MDHning eng yaxshi talabasi-2020” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bu nafaqat oliy oʻquv yurtimizning, balki Orolboʻyi yoshlarining yutugʻi deb hisoblaymiz.

Taʼkidlash joizki, Nargiza Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan stipendiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasidan ilk gʻolibasi, soʻngra esa, Islom Karimov nomidagi stipendiyaga sazovor boʻldi.

Loyiha doirasida MDH mamlakatlari oliy taʼlim muassasalarining qobiliyatli, xalqaro olimpiada va tanlovlarning gʻoliblari boʻlgan talabalarning yutuqlarini aks ettiruvchi “Xalqaro iqtidorli yoshlar ensiklopediyasi” nashrdan chiqdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA