Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni arxitektura va qurilish sohasidagi islohotlar natijalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami yil sayin kengaymoqda. Uzoqni oʻylab, hududlarda urbanizatsiya jarayoni amalga oshirilyapti. Qishloq joylarda ham qurilish ishlari jadal.
Bular, albatta, sohani takomillashtirish, shaffoflikni taʼminlash, ipoteka bozorini rivojlantirishni taqozo etadi. Oxirgi uch yilda shu masalalar boʻyicha Prezidentning qirqqa yaqin qarori qabul qilindi.
Bu saʼy-harakatlarning izchil davomi sifatida davlatimiz rahbarining 2020-yil 13-martdagi farmonida qurilish sohasidagi islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, barcha bosqichlarda shaffoflikni taʼminlash, innovatsion ishlanmalar va ilgʻor axborot texnologiyalarini keng qoʻllash chora-tadbirlari belgilangan edi.
Qurilish vazirligi oldiga 337 ta shaharsozlik qoida va normalaridan joriy yilda 60 tasini yangilash vazifasi qoʻyilgan. Yil boshida vazirlikda Qurilishda texnik meʼyorlash markazi tashkil etilib, unga 15 nafar malakali mutaxassis olingan. Hozirda 33 ta yangi shaharsozlik qoida va normalari ishlab chiqilgan.
Yigʻilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun ilgʻor tajribaga ega xorijiy kompaniyani jalb etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Prezidentimiz sohada korrupsiya va “xufiyona iqtisodiyot” holatlarini keskin tanqid qilib, qurilish tenderlarini oʻtkazish va pudrat tashkilotlarini tanlash jarayonlarini raqamlashtirish zarurligini taʼkidladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 32 mingta pudrat tashkiloti bor. Joriy yil 1-sentyabrga qadar qurilish korxonalarining moliyaviy koʻrsatkichlari, toʻlov qobiliyati, davlat xaridlari, ishchi-xodimlar malakasi kabi maʼlumotlarni qamrab oluvchi yagona platformani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi. Bu platforma 1-noyabrga qadar Toshkent shahrida, keyingi yil boshidan respublika boʻyicha joriy etiladi. Unga elektron mehnat daftarchasi tizimi ham integratsiya qilinadi.
Tahlillarga koʻra, soʻnggi ikki yilda davlat dasturlari doirasida 3 mingdan ziyod qurilishdan atigi 182 tasida tender oʻtkazilgan. Chunki tender jarayonlari murakkab va unda narx arzonligi birlamchi. Qurilish tashkilotining malakasi, sifat masalasi past oʻrinlarda qolib ketgan.
Shu bois keyingi yildan boshlab, yangi axborot tizimiga kiritilgan va reytingi yuritiladigan qurilish-pudrat korxonalariga mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Qurilish sohasida mualliflik, texnik va davlat nazoratini takomillashtirish borasida alohida qaror qabul qilib, barcha sharoitlar yaratib berilgan. Endigi vazifa – nazoratni hozirgidek qoʻlda emas, balki IT-texnologiyalarni joriy qilgan holda amalga oshirish kerakligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish korxonalari va obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish vazifasi yuklatildi.
Joriy yil 1-avgustdan boshlab Toshkent shahrida, keyingi yil boshidan boshqa hududlarda qurilishda aniqlangan barcha kamchiliklar fotosuratlari bilan tizimga onlayn kiritiladi va nazorat jarayonlari avtomatlashtiriladi.
Quruvchi tashkilot yoki fuqarolarga qurilish jarayoni tartiblari va shartlari haqida toʻliq maʼlumotlarni istalgan vaqtda olish imkoniyatini beruvchi onlayn tizim ishga tushiriladi.
Barcha shaharsozlik qoida va normalari interaktiv koʻrinishga oʻtkazilishi, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha barcha jarayonlarni raqamlashtirish hamda ekspertiza xulosalarini yagona bazada saqlashni yoʻlga qoʻyish kerakligi qayd etildi.
Bu choralar mamlakatimizda qurilishga ruxsat berish jarayonini 254 kundan 84 kunga qisqartirish, ushbu jarayonlardagi tartib-taomillarni 17 tadan 5 taga kamaytirish, tadbirkorlar va fuqarolarning bu ishlarga sarflanadigan vaqtini 67 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.
Yigʻilishda mutasaddilar qurilish sohasini raqamlashtirish, ochiqlikni taʼminlash, shaharsozlik qoida va normalarini yangilash borasidagi ishlar boʻyicha taqdimot qildi.