Aziz hamshaharlar!
Soʻnggi oylar davomida Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatlar ijobiy tomonga oʻzgarganligi sababli oilaviy tadbirlar, toʻy-hashamlarning oʻtkazilishiga ruxsat berildi. Ishlab chiqarish korxonalari, qurilish va xizmat koʻrsatish obyektlarining faoliyati qayta yoʻlga qoʻyildi. Xotirjamlikka berilganligimiz, sanitariya va epidemiologiya nazorati talablariga toʻliq rioya etmaganligimiz, toʻylarni 30 dan ortiq kishilar ishtirokida oʻtkazganimiz, oilaviy boshqa tadbirlarni ham koʻpaytirganimiz, jamoa boʻlib yigʻilishlar ortgani kabi karantin talablariga zid boʻlgan harakatlar oqibatida oxirgi oʻn kunda poytaxtimizda kasallikka chalinish holatlari keskin oshib, kunlik 30-40 tadan oʻrtacha 150-200 tagacha koʻpaydi, oʻlim holatlari ham ortdi.
Koronavirus menga taʼsir qilmaydi, mendan uzoqda degan fikrda boʻlsak, adashamiz. Xavf ortda qolishi uchun hammamiz sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq amal qilishimiz, beporvolikka yoʻl qoʻymasligimiz, zarurat boʻlmaganda koʻchaga chiqmasligimiz, jamoa boʻlib yigʻilmasligimiz, avvaldan moʻljallangan jamoaviy tadbirlarni ortga surishimiz lozim.
Bugun aksariyat xizmatlar, hatto savdo-sotiq ham onlayn yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, har birimiz undan unumli foydalanishimiz zarur.
10-iyuldan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu kun uzluksiz faoliyat koʻrsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam koʻrsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.
Salomatligingizda biror noxushlik va kasallik alomatlarini his qilganingizda befarq boʻlmang, darhol shifokorlarga murojaat qiling va nazoratda boʻling, oʻzingizni yakkalang va zarur muolajalarni oʻz vaqtida koʻring.
Koronavirusni jamiyatning birligi, jipsligi va bu borada belgilangan barcha qoidalarga rioya qilishi bilangina yengishimiz mumkin.
Bu masalada bizga yordam bering, salomat boʻling.
Hurmatli hamshaharlar!
Oʻzimiz, yaqinlarimiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz hamda farzandlarimizning hayotiga aslo befarq boʻlmaylik.
Karantin qoidalariga qatʼiy rioya etsak bugungi murakkab vaziyatdan barchamiz tez kunlarda oʻtib olamiz.
O’zA