Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Oral Ataniyazova tashabbusi bilan Qonlikoʻl tumanida “Eng yaxshi tomorqa – 2020” tanlovi oʻtkazildi.
Fuqarolarning tomorqa yerlaridan samarali foydalanishini tizimli yoʻlga qoʻyish, shu orqali aholi bandligini taʼminlash va ularning turmush darajasini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tanlovni oʻtkazishdan maqsad ham bu boradagi ishlarni aholi oʻrtasida targʻib qilish, ularning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish, oila aʼzolarini ish bilan taʼminlash va daromadini oshirishdan iborat. Tanlov shartlariga muvofiq, gʻoliblarni aniqlashda tomorqalarga ekilgan ekin turlari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishi, olingan daromadi va boshqa talablar hisobga olindi.
– Birinchi marta oʻtkazilayotganligiga qaramasdan tashabbus aholi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Oral Ataniyazova. – Jumladan, tanlovda mahalla va ovul fuqarolar yigʻinlaridan 1 ming 130 ta xonadon ishtirok etdi. Ularning aksariyati issiqxonaga ega boʻlib, yuqori hosil olishga erishmoqda. Bu ishlarga ularning farzandlari ham yaqindan koʻmak berayotir.
Tanlov yakunida tumandagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinidan Toʻliboy Boyniyozovning xonadoni birinchi, “Beskoʻpir” ovul fuqarolar yigʻinidan Pirjon Aytjonovning xonadoni ikkinchi, “Qoʻshyob” ovul fuqarolar yigʻinidan Sadirboy Qoʻshjanovning xonadoni uchinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, “Toza hudud”, “Mevaga boy”, “Ekzotik mahsulotga boy”, “Koʻp yillik tajribasi uchun”, “Konserva mahsulotlariga boy” va boshqa qator nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi.
Tuman hokimligida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Birinchi oʻrinni egallagan xonadon sohibi 5 million soʻmlik, ikkinchi oʻrin 3 million soʻmlik, uchinchi oʻrin 1 million soʻmlik sovgʻa bilan taqdirlandi. Shuningdek, nominatsiya gʻoliblariga ham qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Birinchi oʻrin egasiga mamlakatimizdagi eng yaxshi sanatoriylarning biriga yoʻllanma berildi.
– Tomorqaga vaqtida ishlov bersang, undan koʻzlangan hosil olasan, – deydi tanlov gʻolibining rafiqasi, uy bekasi Tozagul Sodiqova. – 12 sotix tomorqamizdagi 18 xil meva, 19 xil poliz ekinlaridan 20 million soʻmga yaqin daromad olish kutilmoqda. Ikki sotix yerda issiqxonamiz bor. Tomorqamizda Orolboʻyida kam uchraydigan limon, yongʻoq, chilonjiyda, qulupnay, gulkaram kabi ekinlarni iqlim sharoitimizga moslashtiryapmiz.
Mazkur tanlovning oʻtkazilishi aholini tomorqa yerlaridan yana-da samarali foydalanishga, bir-biridan oʻrganib, tajriba orttirishga, eng asosiysi yoshlarning tomorqaga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA