COVID-19 paydo boʻlganiga ham yarim yildan oshdi. Bu vaqtda olimlar pandemiyaning oldini olish yoki uni bartaraf qilish boʻyicha hali uzul-kesil natijaga erishmadi, biroq izlanishlar bir zum toʻxtagani yoʻq. Qolaversa, oʻtgan olti oy kasallikning kelib chiqishi borasida turli farazlar, ehtimollarni ham tahlil qilib koʻrish uchun yetarli muddat boʻldi. Shu bois, dunyo olimlari pandemiyaning paydo boʻlishi boʻyicha turli fikrlarni ilgari surmoqda.
Uyquda boʻlgan virus
Masalan, Oksforddagi isbotlangan tibbiyot markazi katta ilmiy xodimi (Centre for Evidence-based Medicine, CEBM) Tom Jefferson kutilmaganda shunday xulosaga keldi. Uning taʼkidlashicha, SARS-CoV-2 koronavirus oʻtgan qishda Uxanda paydo bulgunga qadar uyqu holatida boʻlgan, u tabiiy omillar bir-biriga toʻgʻri kelishi natijasida yuzaga chiqqan.
Butun dunyodan olingan maʼlumotlarga tayangan holda, olim shuni ishonch bilan taʼkidlamoqdaki, virus turli mamlakatlarda turli vaqtda uyquda boʻlgan. Masalan, COVID-19 Xitoyning Uxan shahrida paydo boʻlishidan 9 oy avval koronavirus izi Barselonada oqar suvda topilgan. Oʻtgan yili dekabr oyida Turin va Milanda olingan namunalar xuddi shunday natijalarni bergan.
“Oʻylashimcha, virus avvaldan shu yerda boʻlgan. ”Shu yerda“, deganda men “hamma yerni” nazarda tutyapman. Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, biz uyqudagi virusga duch kelgan boʻlishimiz mumkin. U atrof-muhit sharoitiga qarab faollashgan”, – deb yozadi The Daily Telegraph gazetasi olimning gapini keltirib.
U ushbu fikrlariga Janubiy Georgiyadan Buenos-Ayresga qarab suzgan sayohat kemasini misol qilib keltiradi.
“Kema Ueddella dengizidan oʻtayotganda, yaʼni sayohatning sakkizinchi kuni koronavirus bilan bogʻliq birinchi hodisa qayd etildi. Virus tayyor oziq-ovqatda boʻlganmi va u muzlatkichdan chiqarilgach, ovqat erigandan keyin faollashganmi?” – deb savol beradi olim.
Jefferson xuddi shunga oʻxshash voqea sifatida oʻtgan asrning boshida tarqalgan “ispanka” pandemiyasini keltiradi. 1918-yildan 1920-yilgacha mazkur gripp bilan sayyoramiz aholisining uchdan biri ogʻrigan. U taxminan 100 million kishining yostigʻini quritgan. Olim ushbu voqealarni tahlil qilar ekan, Gʻarbiy Samoa aholisining qariyb 30 foizi “ispanka”dan nobud boʻlganiga eʼtibor qaratadi. Chunki orol aholisi oʻshanda tashqi dunyo bilan umuman aloqada boʻlmagan.
Mutaxassisning fikricha, bunga faqat shunday izoh berish mumkin: virus hech qayerdan kelmaydi va hech qayerga ketmaydi ham.
“Ular har doim shu yerda boʻlgan va baʼzan nimadir ularni faollashtirib yuboradi. Ehtimol, dunyo aholisining zichlashib borayotgani yoki ekologik vaziyat, yaʼni iqlim oʻzgarishi bunga sabab boʻlayotgandir. Biz aynan shuni oʻrganishimiz lozim”, – deya taʼkidlaydi Jefferson.
Olimning fikricha, virus nafaqat odamdan odamga havo tomchilari orqali, balki oqar suvlardan ham yuqishi mumkin.
Yana bir omil maʼlum boʻldi
Yaqinda, dunyoning 32 mamlakatidan qariyb 240 nafar olim Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotiga (JSST) maktub yoʻllagan. Unda infeksiya tarqalish omili sifatida koronavirusning juda mayda zarrachalari havo orqali yuqishi mumkinligini tan olish soʻralgan, deb yozadi The New York Times.
JSST shu vaqtgacha virus aksariyat hollarda kasal odam yoʻtalganda, aksirganda yoki gaplashganda nafas olish yoʻllaridan ajralib chiquvchi yirik tomchilar orqali yuqishini taʼkidlab kelardi.
Olimlarning taʼkidlashicha, faktlar shuni tasdiqlamoqdaki, virus xona havosida turib qolgan mayda zarralar orqali ham yuqishi mumkin ekan.
239 nafar olimning JSSTga tavsiya sifatida yozgan ushbu maktubi yaqin kunlarda ilmiy jurnallarda eʼlon qilinadi, deyilmoqda xabarda.
JSST mutaxassislari esa, hozircha koronavirusning havo orqali yuqishi boʻyicha dalillar unchalik ishonchli emas, degan fikrda.
“Soʻnggi ikki oy ichida biz koronavirusning havo-tomchilar oqali yuqishi ehtimoli borligini, lekin ishonchli dalillar bilan isbotlanmaganini aytib kelmoqdamiz. Ushbu masala boʻyicha keskin bahs-munozaralar hamon davom etmoqda”, – deydi JSSTning infeksiyalar nazorati boʻyicha texnik rahbari Benedetta Allegransi.
Mualliflarning taʼkidlashicha, agar infeksiyaning havo-tomchi orqali yuqishi pandemiyaning tarqalishida muhim omillardan biri ekani haqiqat boʻlsa, u holda koronavirusga chalinmaslik uchun qator yangi choralar qoʻllash lozim boʻladi. Jumladan, shifokorlar xonalarda hatto ijtimoiy masofa saqlangan sharoitda ham mayda zarralarni filtrlaydigan niqob taqib yurishiga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, jamoat joylarda havoni tozalaydigan tizim boʻlishi lozim, shuningdek, virus zarralarini oʻldiradigan ultrafioletli chiroqlar oʻrnatilishi kerak.
Organizmning genetik tuzilishi koʻp narsani hal etadi
Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti professori, insonning molekulyar genetikasi laboratoriyasi rahbari Mixail Churnosovning TASS agentligiga maʼlum qilishicha, koronavirusga chalinish xavfi va kasallanish tufayli ahvolning yomonlashuvi har bir insonning individual genetik tuzilishiga bogʻliq.
Professorning taʼkidlashicha, inson chalinadigan kasalliklarning qariyb 90 foizi oz yoki koʻp darajada uning genetik tabiatiga bogʻliq boʻladi. Koronavirus inson organizmiga tushdimi, u kasallik keltirib chiqarishi tayin, lekin ayrim odamlar genetik omillar tufayli kasallikka koʻproq moyilroq boʻladi.
Uning qoʻshimcha qilishicha, bunda fermentlar faoliyati muhim rol oʻynaydi, masalan, fermentni angiotenzinga aylantiruvchi omil. U tufayli organizmda suv-tuz muvozanati va qon bosimidagi meʼyor ushlab turiladi. Bundan fermentlarning izlari inson organizmining barcha toʻqimalarida, jumladan, qonda ham mavjud boʻladi. Qolaversa, bemorning turli xastaliklar – semirish, qandli diabet va boshqa surunkali kasalliklarga chalingani ham kasallikning ogʻir yoki yengil kechishini belgilaydi.
Muammo faqat oʻpkadami?
Yaqinda fransuz olimlari koronavirusning oʻpkadan tashqari, buyrakka ham katta zarari borligini aniqladi. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, koronavirus tufayli ichki organlar zararlashining 80 foizi buyrakka toʻgʻri kelarkan.
Shved olimlari nima deydi?
Kuni kecha shved olimlari koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet darajasi avval aniqlangandan ham ikki barobar yuqori boʻlishi mumkinligini qayd etdi. Bundan tashqari, u kasallikka qarshi kuchli immunitetga ega odamlarda shakllanishi mumkin.
Stokgolmdagi Karolina instituti tadqiqotchilari 200 dan ziyod mijozdan immunologik tahlil namunalari olganda, ularning koʻpchilligida kasallik yoki yengil formada yoki umuman simptomlarsiz kechayotgani maʼlum boʻldi.
Maʼlumki, Shvetsiya Yevropa mamlakatlari orasida jiddiy karantin choralarini joriy qilmagan yagona mamlakat boʻldi. Chunki shvetsiyaliklar inson organizmida virusga qarshi immunitet rivojlanishi mumkinligini hisobdan chiqarishmayapti.
Vaksina qachon chiqadi?
The Washington Post gazetasi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning soʻzlariga asoslanib yozishicha, hozir dunyo boʻyicha 141 ta vaksina ustida tadqiqotlar olib borilmoqda. Hatto, ayrim olimlar sanoqli oylardan keyin oʻz muvaffaqiyatlarini eʼlon qilishi mumkin.
JSST bosh direktorining taʼkidlashicha, tarmoqlarda virus paydo boʻlgani haqdagi ilk maʼlumot tarqalgach vaksina ishlab chiqishga kirishilgan edi. “Hozir 141 ta vaksina ishlab chiqilmoqda. Bu boradagi ilgʻorlarga muvaffaqiyatini eʼlon qilishi uchun atigi bir necha oy qoldi. Albatta, toʻliq himoyaga kafolat yoʻq, lekin biz umid qilamiz”, – degan JSST rahbari.
Xotirjam boʻlishga hali erta
Dunyo boʻyicha koronavirusga chalinganlar soni 11 million kishidan oshib ketdi. Hisob-kitoblarga qaraganda, barcha kasallanganlarning qariyb 60 foizi iyun oyiga toʻgʻri kelgan. Lekin bu iyun oyi infeksiya tarqalishining eng yuqori choʻqqisi boʻldi, endi pandemiya chekinadi, degani emas. Zero, soʻnggi haftada har kuni 160 mingdan ziyod kishi koronavirusga chalinayotgani odamlarning yana-da koʻproq xavotiriga sabab boʻlmoqda. Bu har bir insonni yana bir bor xushyorlikka chaqirishi shubhasiz.
Shu bois JSST rahbari pandemiyaga qarshi kurashda kompleks yondashuv zarurligini bot-bot taʼkidlayotganida jon bor. “Koʻp mamlakatlarda koronavirusni jilovlashga muvaffaq boʻlingani bilan (bu yerda Italiya va Ispaniya nazarda tutilmoqda), biroq cheklov choralari yumshatilsa vaziyat yana qaytadan yomonlashishi mumkin”, deydi tashkilot rahbari.
Kompleks yondoshuv deganda u shubhali holatlarni aniqlash, test oʻtkazish, infeksiyaga chalinganlarni boshqalardan ajratib qoʻyish, ular muloqot qilgan odamlarni nazoratga olish va ijtimoiy masofaga qatʼiy amal qilishni nazarda tutgan. Bundan tashqari, shifokorlarni bemorlar bilan ishlashga oʻrgatish va aholining SOVID-19 boʻyicha bilimini oshirish ham oʻta muhim masala ekanini alohida taʼkidlagan.
Nima boʻlganda ham, koronavirus pandemiyasining kelib chiqishi, uning oldini olish yoki samarali davolash boʻyicha dunyo olimlari tadqiqotlarni aslo susaytirgani yoʻq. Bu izlanishlar yaqin oylarda oʻz natijasini berishiga umid qilamiz. Zero, maqsad bir mamlakat yoki mintaqa aholisi emas, balki bashariyat taqdiri haqida borayotir.
Saidmurod Rahimov, OʻzA