Oromgohlarda dam oluvchilar salomatligiga katta ahamiyat qaratiladi

Yoz mavsumiga taraddud

Oʻzbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining galdagi qarori bilan, 2020-yil 5-iyundan bolalar oromgohlari faoliyatiga ham ruxsat berildi.

Bu esa “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida 2020-yilgi mavsum uchun temiryoʻlchilar hamda transport quruvchilari va metropoliten ishchi-xodimlarining 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarini jazirama yoz faslini soʻlim goʻshalarda maroqli oʻtkazishlarini taʼminlaydi. Shunga asosan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining buyrugʻiga koʻra, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarini joriy yilgi yoz mavsumiga tayyorgarlik koʻrish jarayoni belgilangan reja boʻyicha boshlab yuborildi.

Unga koʻra “Toshkent mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi “Yangi avlod” hamda “Qibray”, “Oʻztemiryoʻlmashtaʼmir” unitar korxonasi tarkibidagi “Burchimullo” oromgohlari joriy yilgi mavsumga tayyorlash maqsadida pavilyonlar, tibbiyot punktlari, xoʻjalik maydonlari, maʼrifat-maʼnaviyat xonalari, maʼmuriy binolar, oshxonalar hamda yotoqxonalar va suv havzalari taʼmirdan chiqarildi. Shuningdek, dam olish maydonlari, turli oʻyingohlar shinam va koʻrkam holga keltirildi. Kutubxona, futbol, voleybol, basketbol maydonlari hamda turli attraksion oʻyinlari maydonlari dam oluvchilar uchun hozirlandi.

– Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi hukm surayotgani sababli Tarmoq rahbariyati buyrugʻiga asosan bolalarni qabul qilish uchun hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining oʻrganish xulosasiga asosan viloyat maxsus komissiyasining ruxsati bilan faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi, – deydi Oʻzbekiston temiryoʻlchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi oʻrinbosari Mahmud Rozimetov.

photo_2020-06-15_13-50-51.jpg

 – Unga koʻra bolalarni dam oldirish va sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi barcha xodimlarni karantin qoidalarida koʻrsatilgan talablar asosida oʻqitish hamda har bir bola va xodimlar oʻrtasida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishni tashkil etish, oromgohlar hududiga kirish-chiqish joylarini tegishli mutaxassislar bilan taʼminlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan taʼminlash, shuningdek, har bir bola va xodimlarning tana haroratini oʻlchab, 37 S va undan yuqori boʻlgan holatda ushbu oromgohlarga kiritmaslik uchun zarur choralar koʻriladi. Shu bilan birga soha farzandlarini ushbu virusdan asrash va himoyalash maqsadida oromgohlarda barcha sanitar-gigiyena talablariga koʻra zarur boʻlgan tibbiy asbob-anjomlar va dori vositalar hamda tajribali mutaxassislar jalb etiladi.

Belgilangan tartibga koʻra joriy yilning 5-iyuniga qadar sogʻlomlashtirish oromgohlarini mavsumga har tomonlama tayyorlash, ularni mavsum davomida toʻlaqonli faoliyat yuritishlari uchun zarur boʻlgan muxandislik-kommunikatsiya tizimining sozligini tekshirish, taʼmirlash, oshxona va oziq-ovqat, medikamentlarni saqlash asbob-anjomlari hamda xizmat koʻrsatuvchi avto va aloqa texnikalari bilan taʼminlash ishlari yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlar koʻrildi.

Markaziy temiryoʻlchilar madaniyat saroyi rahbariyati va sozandalari tomonidan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining har navbatida turli mavzularda madaniy-maʼrifiy tadbirlar, bolalar yoshiga va tafakkuriga mos keladigan konsert tomoshalarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.

photo_2020-06-15_13-50-39.jpg

– Oromgohlarda dam oladigan bolajonlarni maroqli hordiq chiqarishlari hamda maʼnaviy dunyoqarashini oshirish, ularni Vatanga, adabiyotga va sanʼatga boʻlgan qiziqishini shakllantirish maqsadida katta tayyorgarlik koʻryapmiz, – deydi Markaziy kasaba uyushmasi kutubxonasi direktori Aziza Inamova. – “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining madaniyat muassasalari tomonidan oʻsib kelayotgan yosh avlodni milliy qadriyatlar va anʼanalarga sadoqat, Vatanga muhabbat ruxida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan madaniy tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlash, oromgohlarda tashkil etiladigan barcha maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy-sport tadbirlari Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan yuksak bayramona ruxda oʻtkazilishiga alohida eʼtibor qaratamiz. Shuningdek, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining ish rejalarida kitobxonlikka chorlovchi viktorinalar, sportning quvnoq turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish tadbirlari oʻtkaziladi.

Yana bir muhim jihat: Oʻzbekiston temiryoʻlchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan tarmoq tasarrufidagi korxonalarning imkoniyati cheklangan xodimlari, kam taʼminlangan, koʻp bolali hamda qishloq tumanlarida istiqomat qilayotgan temiryoʻlchilarning farzandlarini va boquvchisi yoʻq bolalarni oromgohlarda sogʻlomlashtirish va ularga yoʻllanmalarni bepul berishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Muxtasar qilib aytganda, joriy yilgi yoz mavsumida oromgohlarda bolajonlarimizni maroqli dam olishlarini taʼminlash maqsadida avvalo koronavirus infeksiyasidan asrash yoʻlida salomatligiga, tozalik-orastalikka, muntazam dezinfeksiya jarayonlariga hamda ovqatlanish tartibiga katta ahamiyat qaratilib, shifokorlarning doimiy nazoratida boʻladi. Bu esa ularni sogʻligini saqlash va sogʻlom dam olishlariga kafolat boʻlishi shubhasiz.

Rustam HAYDAROV

 

O’zA