Mushohada uchun mavzu
Davlat va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy qiyofasi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad-muddaolari, tanlagan yo‘li, ko‘zlagan manzili, qat’iy amal qilishi shart bo‘lgan milliy qadriyatlari asosiy qonun hisoblanmish Konstitutsiyada o‘z aksini topadi. Buni bundan 25 yil avval qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va oradan o‘tgan chorak asr davomida hayotimizda, turmush tarzimizda yuz bergan bemisl o‘zgarishlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu qutlug‘ sana munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida xalqimiz shu yillar ichida qanday murakkab, ayni paytda shonli yo‘lni bosib o‘tgani, O‘zbekiston dunyo hamjamiyati safida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgani, bugun oldimizda qanday ulug‘vor vazifalar turgani, davlat-jamiyat-shaxs munosabatlari qay darajaga ko‘tarilayotgani, bugungi yangilanish, yangi oshkoralik, shaffoflik sharoitida fuqaro sifatida har birimizning burch va mas’uliyatimiz qanday bo‘lishi lozimligi chuqur tahlil qilib berildi.
Marosimda ishtirok etgan xorijiy mehmonlar, diplomatik korpus vakillari O‘zbekistonnning bugungi yangi yo‘li bu zaminda qadim-qadimdan mavjud bo‘lgan xalqona usul — raiyat bilan bamaslahat ish tutish, uni tinglash, xohish-istaklariga yo‘l ochish, haq-huquqini qat’iy himoya qilish, qonun ustivorligiga, davlat va shaxs munosabatlarida oshkoralikka erishish ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildilar. Davlatimiz rahbarining “Bizning maqsadimiz – xalq hokimiyatini so‘zda emas, amalda ta’minlashdan iborat. Bu – biz yashayotgan bugungi murakkab davrning asosiy talabidir. Takror aytishga to‘g‘ri keladi: odamlarimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni bugun kutmoqda. Shu sababli biz o‘z faoliyatimizni «Buyuk kelajak bugundan boshlanadi» degan shior asosida tashkil etishimiz, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur” degan so‘zlari buning yorqin dalilidir.
Dunyo davlatchiligi tarixidan ma’lumki, davlat boshqaruviga kelgan har bir rahbar o‘z faoliyatini islohotlardan boshlaydi, boshqaruv tizimiga, qonunchilikka turli o‘zgarishlar kiritilishiga harakat qiladi. Ammo bu harakatlarning barchasi ham kutilgan natijani bermaydi. Buning sababi shuki, islohotlar bir kishining xohish-istagini emas, butun xalqning, el-yurtning, jamiyatdagi barcha qatlamlarning, sodda qilib aytganda, kattayu kichik, yoshu qari, sog‘lom va dardmanning xohish-istagini, davlat, jamiyat va millat manfaatlarini, yondosh va jondosh qo‘shnilar, uzoq-yaqindagi hamkorlar, strategik sheriklar bilan bo‘ladigan aloqalar rivojiga uyg‘un va hamohang bo‘lsagina amalga oshadi. Bunday xususiyatlarga ega bo‘lmaganlari esa qog‘ozlarda qolib ketadi. Iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy jihatdan asoslanmagan harakatlar, ular nechog‘li targ‘ib-tashviq qilinmasin, taraqqiyotga, ezgulikka xizmat qilmaydi.
Ma’ruzani tinglar ekanmiz, o‘tgan bir yil ichida amalga oshirilgan, amaliy natijasiga ko‘ra bir necha yillar xirmoniga teng o‘zgarishlar muhtasham zalda hozir bo‘lganlarning barchasi ko‘z o‘ngidan o‘tdi, shu bilan birga, bugunning, ertaning, yaqin kelgusining eng muhim, bir lahza bo‘lsin, e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan vazifalari nimalardan iboratligini tushunib yetdik. Bu vazifalar zamirida qanday ma’nolar yotadi?
Bu savolga javob aniq: davlat organlarining kundalik ish faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz ta’minlanishi shart. «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan prinsip barcha bo‘g‘indagi rahbarlar faoliyatida asosiy qoidaga aylanishi ham shart. Odamlarning oddiy hayotiy ehtiyojlari, katta-kichik muammolaridan vaqtida xabardor bo‘lish, shu xabardorlik bilan yashash, buning uchun odamlarga yaqinlashish, ular bilan birga nafas olish, muammolarning maqbul yechimini topish har bir mansabdor uchun chekka qishloqda ham, tuman yoki kichik shaharchada ham, xususiy korxona yoki fermer xo‘jaligida ham qat’iy qoidaga aylanishi, bu boradagi ishlar xo‘jako‘rsinga, soxta obro‘ olishga, yuqori tashkilotlarga yo‘llanadigan hisobotlar uchun emas, balki amalda namoyon bo‘ladigan, bir ko‘ngli siniqning dilini obod aylaydigan darajada bajarilishi zarur.
Xalq ichiga kirib borish, aholi bilan jonli muloqot o‘rnatish yo‘lida birinchi qadam tashlandi: har bir tuman va shaharda avvallari mutlaqo bo‘lmagan, o‘ylab o‘yimizga ham kelmagan yangi jamoatchilik instituti — Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Bir yilning o‘zida bir yarim millionga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi. Bu muloqotga odamlarning ishonchi kun sayin ortib bormoqda, qabulxonalar faoliyati mavsumiy emasligi, odamlarni tinglash O‘zbekistonda davlat siyosati maqomiga ko‘tarilgani, bundan buyon boshqacha bo‘lishi mumkin emasligi kundek ravshan bo‘ldi, binobarin, ushbu tuzilmalar faoliyatini yanada samarali tashkil etish, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning umid va ishonchi turganini unutmaslik mansabdor shaxslarning vazifasi hisoblanadi.
“Xalqimizning hayot darajasi o‘sishi, ko‘pgina muammolar hal qilinishi bilan Xalq qabulxonalariga murojaatlar kamayib boradi. Shuning uchun bu qabulxonalar imkoniyatlarini biz davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga yo‘naltiramiz, deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Shu maqsadda barcha davlat idoralari va Adliya vazirligi huzuridagi “Yagona darcha” markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni Xalq qabulxonalari orqali samarali tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatiga ushbu masalalar bilan bevosita shug‘ullanish vazifasini yuklash ko‘zda tutilmoqda. Mazkur xizmat tarkibida yangi tuzilma tashkil etib, unga Tezkor davlat xizmatlari agentligi deb nom bersak, ayni muddao bo‘lardi”.
Tasavvur qilish mumkin: odamlar to‘g‘risidagi samimiy g‘amxo‘rlik, ularning har biriga fikrdosh, sirdosh, yelkadosh bo‘lish jamiyatda tamomila yangi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yuzaga keltiradi. Bu muhit o‘zaro ishonch, samimiyat, xotirjamlik asosida shakllanadi. Shunga erishgan jamiyatning ertasi yanada farovon bo‘ladi.“Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish borasidagi asosiy vazifamiz – bu adolatli qonunlar qabul qilishdan iborat. Qonun adolatli bo‘lsa, u inson huquqlarini amalda himoya qilsa, shundagina odamlar qonunni hurmat qiladi va unga itoat etadi”.
Xalqimizda “Seni tinglasalar va tushunsalar shuning o‘zi baxt” degan gap bor. Davlatimiz rahbarining bu taklifi marosim ishtirokchilari tomonidan yakdillik bilan ma’qullandi. Demak, xalq bilan muloqot qilish, uning turli idoralarga, katta-kichik mansabdorlarga, faqat o‘zini, shaxsiy manfaati va oromini o‘ylaydigan boqibeg‘amlarga murojaat qilib, oddiy ma’lumot yoki ruxsatnoma olish uchun sarson-sargardon bo‘lishi, qimmatli vaqtini bekorga o‘tkazishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik zarurligi belgilanmoqda. Ma’ruzada xalqqa xizmat qilishi lozim bo‘lgan ko‘plab tashkilotlar amalda xalq hayotidan uzilib qolgani ham aytib o‘tildi. “Har bir davlat xizmatchisi xalq oldida mas’ul ekanini hech qachon unutmasligi lozim.Odamlarimiz davlat organlari, shuningdek, o‘zlari saylagan vakillar nima bilan shug‘ullanayotganini bilishlari, ularning faoliyatiga xolisona baho bera olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz darkor”.
Bor gapni borligicha aytadigan payt bugun: hali ham mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi g‘oyat muhim, dunyo e’tirof etayotgan, o‘rganayotgan, ibrat olayotgan o‘zgarishlarni, yangi oshkoralik, ochiqlik faslini tushunib yetmayotgan, xizmat vazifasini yuqori tashkilotlarga qilgan-qilmagan ishlari to‘g‘risida hisobot yo‘llash deb tushunadigan mansabdorlar bor va ular oz emas. Yurtboshimiz bundan rosa bir yil avval bunday hisobotlardan mutlaqo naf yo‘qligini ro‘yi-rost ta’kidlagan edi. Bunday pufak hisobotlar odamni chalg‘itadi, vaqtini oladi, xolos. Qog‘ozbozlik, hisobotbozlik illatidan qancha tez xalos bo‘lsak, shuncha yaxshi. Respublika “Ma’naviyat targ‘iboti” markazidagi suhbatlarimdan birida menga: “Biror mavzuda madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazsak, ikki-uch, ba’zan bundan-da ko‘p tashkilotlarga hisobot tayyorlashimiz, har bir hisobotga ikki-uchtadan rasm ilova qilishimiz kerak. O‘z ustimizda ishlashga, mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishga, qo‘shimcha adabiyotlarni o‘qib chiqishga vaqtimiz deyarli qolmaydi. Nega shunday?” degan savol berishdi. Bu to‘g‘rida ham o‘ylab ko‘rish zarur.
Ma’ruzada yana bir muhim fikr — fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim sharti ekanligi alohida ta’kidlandi. “Biz bugun, demokratik o‘zgarishlar davrida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy hayotida bevosita va faol ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning salohiyati to‘la namoyon bo‘lishini ta’minlashimiz lozim.Bu borada ko‘ppartiyaviylik tizimi, partiyalararo bahs-munozara, fikrlar va dasturlar o‘rtasidagi raqobatni jadal rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur.Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil ko‘tarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon bo‘lishi kerak”.
Muhtasham zalda matbuotimizga doir ushbu vazifa yangraganida, ancha yillardan beri ozmi-ko‘pmi shu sohada qalam tebratib kelayotgan jurnalist, bugun bo‘lajak kasbdoshlarimga saboq berayotgan pedagog sifatida Prezidentimizning shu yil 27-iyun kuni matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigidagi quyidagi so‘zlari yodimga tushdi: “Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz”.O‘zimga o‘zim savol beraman: matbuot bugun odamlarning dardu tashvishlari bilan yashamoqdami, erkin fikr, sog‘lom bahs-munozara maydoniga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylandimi, shunga xarakat qilmoqdami?
Taassufki, bu savollarga beriladigan xaspo‘shlovchi javoblar, boshqalarni qo‘ya turaylik, o‘zimizni ham qoniqtirmaydi. Keyingi bir yil ichida xalqimizdan kelib tushgan bir yarim million murojaatning ko‘plarida aks etgan muammolar joylarning o‘zida, ozroq e’tibor va xafsala, vijdon va adolat bilan hal qilsa bo‘ladigan ishlar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shikoyatlar orasida yillar davomida yechimi topilmayotgan, “bor otangga, bor onangga” qabilida ish tutilib, jabrdiydalar sarson bo‘layotganlari ham oz emas. Toki shunday ekan, nahotki, matbuot bu muammolardan butunlay bexabar, ahvolni eshitmagan, bilmagan, ko‘rmagan bo‘lsa? So‘nggi bir yil ichida Prezidentimizning chuqur tahlilli ma’ruzalarida jamiyat hayotidagi kamchilik va nuqsonlar, xususan, poraxo‘rlik, ta’magirlik, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, o‘z manfaatini jamiyat manfaatidan ustun qo‘yish, tanish-bilishchilik, mahalliychilik kabi yaramas illatlarga doir keltirilgan fakt va raqamlar matbuotni mudroqlik uyqusidan uyg‘otmayotgan bo‘lsa? Ba’zi gazetalarimizning so‘nggi sahifasidagi: “Tahririyatga yo‘llangan maktublar tahlil etilmaydi va ularga javob yozilmaydi” degan birgina jumla tahririyatga o‘z dardini bayon qilgan, undan yordam kutgan gazetxonning xafsalasini pir qiladi, o‘rtadagi ishonch ko‘prigivayron bo‘ladi.
Milliy taraqqiyotga yuz tutishning muhim sharti — erishilgan yutuqlarni xolis baholash, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni tahlil qilish, sabab va oqibatlarini o‘rganish, har bir holatni o‘z nomi bilan atash, takror xato qilmaslik yo‘llarini belgilashdan iborat. Shunday qilinsagina jamiyat rivojlanadi. Bu ish bilan birinchi navbatda ommaviy axborot vositalari shug‘ullanishlari kerak. Jamiyatning xolis ko‘zgusiga aylanishning boshqa yo‘li yo‘q. Bu bilan gazetalarda tanqidiy maqolalar ko‘p va mo‘l bo‘lishi kerak, demoqchi emasman. Shov-shuv ko‘tarish uchun yoziladigan ehtirosli, kimningdir sha’ni-g‘ururiga tegib ketadigan buyurtma maqolalarning, to‘qima fel’etonlarning davri o‘tdi. Gap tanqidiy mulohazaning ta’sirchanligi, xolisligi, ezgulikka xizmat qilishida. Bugun “Nega matbuotda fel’eton ko‘rinmay qoldi?” degan savolga tez-tez duch kelamiz. Bunda savol beruvchilarning ayrimlari sobiq tuzum paytidagi “ur to‘qmoq” chiqishlarni, fosh qiluvchi aybnomalarni ko‘zda tutishadi. Bugungi matbuot bunday hukmfarmolik bilan shug‘ullanmaydi, ammo bu — matbuotda tanqidiy chiqishlar kam bo‘lgani ma’qul degani emas. Gazetalarni jiddiy kuzatgan kishi istiqlolimizning dastlabki kezlarida juda faol bo‘lgan “Farmon va ijro”, “Qaror va ijro”, “Muammo va yechim”, “Oshkoralik davr talabi”, “Tazarru”, “Ochig‘ini aytganda”, “Gazetxon oshkor qiladi” kabi ruknlar deyarli ko‘zga tashlanmayotganini sezadi. Davlatimiz rahbari qabul qilinayotgan barcha qarorlar ham talab darajasida ishlamayotganini e’tirof etdi. Xo‘sh, bundan ortiq yana nimani kutish kerak?
Jurnalistikada xabardorlik, mahorat, til boyligi, mavzuni puxta bilish, fikrni ta’sirchan ifodalash bilan birga, ozroq mualliflik jur’ati, qat’iyat, tirishqoqlik ham talab etildi. Bu fazilatlar muharrirlar va boshqa mutasaddilar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, ijodkorning shashti qaytarilmasa, matbuot yana o‘qishli va ta’sirchan bo‘ladi.
Matbuotimizning yana bir qusuri borki, unga biroz bo‘lsa-da, to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Sobiq tuzum mafkurasi kishanlaridan ozod bo‘lganimizga chorak asrdan ko‘p vaqt bo‘ldi, Ammo bizning qaysi mavzuni qachon va qanday yozishimiz asosan eskicha saqlanib qolmoqda: ayollar, onalar, Navro‘z to‘g‘risida mart oyida, vatanparvarlik xususida yanvarda, bolalar haqida iyunda, Konstitutsiya mavzusida dekabrda, o‘qituvchi va murabbiylar xususida oktabrda yozamiz. Shu oyda til muammolariga bag‘ishlangan bir-ikkita maqola chiqadi. Boshqa paytlari boshqa mavzular bilan band bo‘lamiz. Qiziq: onalar haqida yozda, kuzda yozish mumkin emasmi? Hayotimizning asosiy qonuni bo‘lmish Konstitutsiyani o‘rganishga doir maqolalar gazeta-jurnallarda faqat qishda emas, muntazam chiqib tursa, buning nimasi yomon? Bu savolni qo‘yayotganimning boisi shuki, matbuotmiz hali-hanuz eski, hamma joyda rad etilgan, tashlab yuborilgan keraksiz qoliplardan xalos bo‘lgani yo‘q. Tanqid va tahlil kam. Balandparvozlik, madhiyabozlik, o‘rinsiz maqtov ko‘p. Och qornim — tinch qulog‘im. Ahvol shu darajadaki, yetakchi nashrlarimizning jur’ati, qat’iyati va izlanuvchanligi, mualliflarning tanqidiy maqolalariga munosabati respublikamiz viloyatlarida chop etilayotgan ba’zi gazetalar jur’atidan ham past.Aksincha bo‘lish kerak emasmi? Dasturxonga avvalo oqsoqollar qo‘l uzatganidek, oqsoqol gazetalar viloyat, shahar va tuman matbuotiga har jihatdan o‘rnak bo‘lishlari, jur’atli maqolalar turkumini ustoz sifatida boshlab berishlari lozim. Buni tushunadigan, jur’atsizlikdan voz kechadigan payt keldi.
Ahmadjon Meliboyev,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti.
UzA