Amudaryo tumani FHDYO bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitasi raisi S.Turmanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri J.Sodiqov, Amudaryo tumani hokimi S.Yo‘ldoshev va boshqalar mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan huquqiy xizmat sifatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Zamonaviy va milliy arxitektura uyg‘unligida barpo etilgan mazkur “Baxt uyi” Bosh qomusimizning oila xususidagi ana shu kafolatini ta’minlashga xizmat qiladi.

6.JPG

Loyiha qiymati 1 milliard 254 million so‘m bo‘lgan zamonaviy binoda tantanalar zali, arxiv, “oila dorilfununi”, ota-onalar, nikohlanuvchi yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga mo‘ljallangan xonalar, xodimlar uchun alohida va boshqa maishiy-xo‘jalik xonalari, kelin-kuyovlar saloni bo‘lib, barchasi zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

5.jpg

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida zamonaviy va ko‘rkam binoga ega bo‘ldik, – deydi tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudirasi Sanobar Xolboyeva. – Aholiga tezkor va yuqori malakali yuridik xizmat ko‘rsatish imkoniyatimiz yanada kengaydi. Bizga murojaat qilayotgan fuqarolar uchun barcha qulaylik yaratildi.

Shu kuni yangi “Baxt uyi”da birinchi nikoh qayd etildi – Ahmadjon To‘liboyev va Shohista Ollaberganovaga nikoh guvohnomasi topshirildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining yigirma besh yilligi bayrami arafasida tumandagi 1-davlat notarial idorasining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA