Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali soʻzlashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon olami uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat va ezgulik ayyomi boʻlgan qutlugʻ Ramazon hayiti munosabati bilan oʻzaro tabrik almashdilar, bir-birlariga va qardosh xalqlarimizga baxt-saodat va farovonlik tiladilar.Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi masalalarga alohida toʻxtaldilar. Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish borasida ikkala mamlakatda koʻrilayotgan qatʼiy chora-tadbirlar, ushbu xavfli kasallikning salbiy oqibatlarini kamaytirish, aholiga manzilli yordam koʻrsatish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va biznesning rivojlanishiga koʻmaklashish boʻyicha amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi dastur qoʻllab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidentiga pandemiyaga qarshi kurashda, shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa munosabati bilan koʻrsatilgan amaliy yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston va Turkiya samarali mintaqaviy transport yoʻlaklarini rivojlantirish, jumladan, “Boku-Tbilisi-Kars” temir yoʻlidan faol foydalanishdan, shuningdek, yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishdan manfaatdor.

Suhbatda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Strategik hamkorlik kengashining joriy yil boshida Anqara shahrida oʻtgan birinchi yigʻilishi qarorlarini oʻz vaqtida amalga oshirish muhim ekani taʼkidlandi.

Savdo koʻrsatkichlari dinamikasini saqlash hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida Oʻzbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha birgalikdagi ishlarni, shu jumladan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Muloqot yakunida mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Prezidentlar Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlarning sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot, savdo va transport vazirliklari rahbarlari oʻrtasidagi onlayn uchrashuvlarning samarali natijalarini yuksak baholadilar.

Suhbat har doimgidek ochiq, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi.

 

OʻzA