Butunjahon taekvondo federatsiyasining navbatdagi ijroqoʻm yigʻilishi videokonferensaloqa shaklida oʻtkazildi. Unda kelgusi ikki yil davomida oʻtkaziladigan musobaqalarga qaysi shahar mezbonlik qilishi kelishib olindi.
2021-yili kadetlar oʻrtasidagi jahon chempionati Bolgariyaning Sofiya shahrida, 2022-yili oʻsmirlar oʻrtasidagi dunyo birinchiligi va Olimpiya oʻyinlariga saralash musobaqasi Senegalning Dakar shahrida oʻtkaziladigan boʻldi. Ikki yildan soʻng Janubiy Koreyaning Koyan shahri Pumse boʻyicha jahon chempionati, Manchester va Singapur shaharlari esa jahon Gran-pri musobaqalariga mezbonlik qiladi.
Yigʻilishda elektron ovoz berish yoʻli bilan “WT” reytingi ustavi ham tasdiqlandi. Unga koʻra, taekvondo boʻyicha jahon chempionati 14, “WT” Gran-pri finali 10 va “WT” Gran-pri seriyalarining har biri 6 reyting ochkoli etib baholandi.
Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA