Qozogʻiston parlamenti bolalarni majburiy emlash toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi

Qozogʻiston parlamenti tomonidan maʼqullangan Xalq salomatligi va sogʻliqni saqlash tizimi toʻgʻrisidagi Kodeks Qozogʻistonning barcha fuqarolarini koʻngilli va majburiy emlashni nazarda tutadi, shuningdek, emlanmangan bolalarni bolalar bogʻchalariga borishlarini taqiqlaydi. Kodeks loyihasi parlament quyi palatasi tomonidan tasdiqlandi.
Deputat Zauresh Amanjolovaning soʻzlariga qaraganda, boshqa 95 foiz bola emlangan taqdirdagina emlanmagan bolalarning bolalar bogʻchasiga qoʻyishga ruxsat beriladi.
Kodeksda oʻz bolalarini emlamagan ota-onalarni jazolash borasida biror bir keskin norma yoʻq. Uch yil muqaddam Fuqarolik jamiyati va Din ishlari boʻyicha vazirlik “Diniy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga emlanishdan boʻyin tovlaganlar uchun 68 dollar miqdorida jarima solish borasidagi taklifni ilgari surgan edi.
Qonun loyihasi koʻrib chiqish uchun senatga yuborildi.
Majburiy emlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qozogʻistonda aholining emlash sifatiga ishonmasligi, shuningdek emlashdan soʻng ehtimoliy murakkab xatar bois turli bahslarga va tanqidlarga sabab boʻldi. Fuqarolar onlayn-petitsiya uyushtirishdi, ulardan biri 166 mingdan ortiq imzo toʻpladi. Odamlar ommaviy ravishda majburiy vaksinatsiyaga qarshi chiqdilar va bu normativ huquqiy aktlar loyihasi portalida ham oʻz aksini topdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligining bayonotiga koʻra, bolalarni vaksinatsiya qilmaslik Konstitutsiyada kafolatlangan va BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasida belgilangan bolalar sogʻligʻini saqlash borasidagi huquqlarning buzilishi hisoblanadi.

 

O’zA