Oʻzbekistonlik diplomatlar yuzlab vatandoshlarimiz toʻplanib qolgan Orenburg viloyatiga yetib borishdi

Mamlakatimizning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi xodimlari mahalliy hukumat bilan birgalikda koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitda Oʻzbekiston fuqarolarini yurtga qaytarish bilan bogʻliq masalalarni hal etishga harakat qilmoqda.
Jumladan, Orenburg viloyatida toʻplanib qolgan, yaʼni Qozogʻiston orqali uyga qaytish ilinjida chegarani ochishlarini talab qilayotgan hamyurtlarimiz muammosi Rossiya va Qozogʻiston bilan kelishilyapti.
“Biz yurtdoshlarimizning avtobusda chegarani kesib oʻtib, Qozogʻiston orqali Vatanimizga qaytish rejalari borligidan xabardor edik. Garchi, bunday yoʻl tutmaslikka chaqirsakda, ular bizga quloq solishmadi. Oqibat — kishilarimiz chegarada tiqilib qolishdi, — deydi elchixona xodimi. – Voqea joyida diplomatlarimiz – Oʻzbekiston elchixonasi va Bosh konsulligi vakillari hozir boʻlishgan. Ular Rossiya va Qozogʻiston hukumati bilan hamkorlikda muammoni bartaraf etish choralarini koʻrishyapti“.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan 24-maygacha Rossiyaning bir qator shaharlari, jumladan Moskva, Sankt-Peterburg, Rostov, Qozon va Novosibirskdan havo yoʻllari orqali fuqarolarimizni vatanga qaytarish maqsadida bir necha charter reyslarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni payt bu rejani bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishilgan.

 

OʻzA