“Sardoba” suv omboridagi oʻpirilish oqibatida yuzaga kelgan toshqindan aziyat chekkan fuqarolarga xayr-saxovat koʻmaklari kelishi davom etmoqda. Sirdaryo viloyatiga joʻnatilgan bu galgi insonparvarlik yordami Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan amalga oshirildi.
Yevropadan kelgan nufuzli delegatsiya aʼzolarini viloyat hokimining oʻrinbosari D.Madrimov hamda viloyat prokurori R.Masharipov kutib oldi.
Inson boshiga ish tushganda uning dini, tili, irqi, millati eʼtiqodi surishtirib oʻtirilmaydi. Qoʻlidan kelguncha baholi qudrat kim boʻlmasin unga koʻmak koʻrsatiladi va u chin dildan, samimiy niyatlar bilan yurakdan chiqarib qilinadi. Qolaversa, bugungi sinovli kunlarda xalqlarning bir-biriga yordam qoʻlini choʻzishi muhim ahamiyat kasb etayotir.
Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan yuborilgan insonparvarlik yordamida koʻrpa-toʻshak, issiq choyshablar, bolalar uchun tagliklar, bir marta ishlatiladigan idish-tovoqlar, tish pastasi, sovun, shampun, antibakterialogik suyuqlik, yuvish-chayish vositalari, gigiyena va antiseptik vositalardan iborat jami 300 million soʻmlikka yaqin mahsulotlar Sirdaryo viloyati “Dori-darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ochiq turdagi bojxona omboriga tushirildi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA