Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, mamlakatlarimizning jasoratli faxriylariga, doʻst xalqlarimizga sogʻlik-omonlik va farovonlik tiladilar.
Urushda yelkama-yelka kurashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ota-bobolarimizning mardligi va qahramonligi avlodlarning minnatdor xotirasida abadiy qolishi alohida taʼkidlandi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar.
Koʻp qirrali hamkorlik, avvalo savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatga qaramay, mamlakatlarimizning oʻzaro savdo hajmi ortib bormoqda. Sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida, transport soxasida, shuningdek infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi kooperatsiya kuchaymoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda.
Prezidentlar boʻlajak oliy darajadagi tadbirlarni puxta tayyorlash muhimligiga eʼtibor qaratdilar. Global inqirozning salbiy oqibatlari iqtisodiy hamkorlik surʼatiga taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida saʼy-harakatlarni yana-da birlashtirish va oldindan chora koʻrish muhimligi qayd etildi. Hukumat rahbarlari darajasida Qoʻshma komissiya va Hukumatlararo komissiya doirasidagi ishlar davom ettiriladi.
Muloqotda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat muhokama qilindi. Inqirozga qarshi kurashish, shu jumladan, aholiga manzilli yordam koʻrsatish va ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirish, biznesga har tomonlama koʻmaklashish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash, cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida ikkala mamlakatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari pandemiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida saʼy-harakatlarni oʻzaro muvofiqlashtirib borishi va yaqindan hamkorlikni davom ettirishi muhimligi taʼkidlandi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.

 

O’zA