Har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan suhbatda Oʻzbekiston va XXR yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikka doir va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar.Davlat rahbarlari koronavirus infeksiyasiga qarshi davom etayotgan kurashning eng murakkab davrida koʻrsatilgan oʻzaro koʻmak va gumanitar yordamni katta mamnuniyat va minnatdorlik bilan qayd etdilar.
Aprel oyining ikkinchi yarmida ushbu xavfli virus bilan kasallanganlarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish sohasida Xitoyning ulkan amaliy tajribaga ega yetakchi vrachlari guruhi mamlakatimizda boʻldi.Prezidentimiz xitoylik mutaxassislar yuksak professional mahorat namoyish etganliklari, ularning mamlakatimiz hududlaridagi mashaqqatli mehnati pandemiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga xizmat qilganini alohida taʼkidladi.
Bularning barchasi Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi, deb taʼkidladilar davlat rahbarlari.
Ikki mamlakatning sogʻliqni saqlash va sanitariya-epidemiologiya nazorati sohasidagi idoralari oʻrtasida faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Shuningdek, koʻp qirrali, shu jumladan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa muhim yoʻnalishlardagi hamkorlikning holati va uni kengaytirish istiqbollari batafsil muhokama qilindi.
XXRning ilgʻor tajribasini oʻrganish va joriy etish asosida kambagʻallikni qisqartirish masalalarida samarali muloqot boshlangani alohida taʼkidlandi.
Suhbat natijalariga koʻra ikki tomonlama oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish ishlari davom ettiriladi.
Ikki mamlakat vazirlik va idoralari, hududlar maʼmuriyatlari, bank-moliya institutlari va yetakchi kompaniyalari pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni izlash maqsadida hamkorlikdagi ishlarini faollashtiradi. Bular, avvalo, oʻzaro savdo hajmini oshirish va uning mutanosibligiga erishish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish hajmining oʻsishi uchun qulay sharoitlar yaratish, gumanitar dasturlarni ilgari surishdir.
Davlat rahbarlari mintaqaviy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirib borishga qatʼiy intilish tasdiqlandi.
Suhbat yakunida Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilari doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik ruhidagi keng koʻlamli hamkorlikni bundan buyon ham kengaytirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor taʼkidladilar.