Eshik oldida turgan yigit xonadon sohibasiga o‘zini gaz idorasidanman, deb tanishtirdi. Mezbonning taklifini kutmay ostona tomon qadam qo‘ygan odamni uy bekasi beixtiyor oshxona tomon boshladi. Bu yerda gaz plitasiga ko‘zi tushmagach, “tekshiruvchi” darrov “qoidani buzibsiz-ku!”, dedi.
Gaz plitasining oshxonadan balkonga ko‘chirilgani belgilangan qoidaga zidligini o‘zi ham yaxshi bilgan Lola opa ayb ustida qo‘lga tushganidan xijolat bo‘lib, dovdiray boshladi. Shuni kutib turgan xodim endi asta “hujum”ga o‘ta boshladi. “Endi uyingizni gaz tarmog‘idan uzamiz, o‘zingizga kattagina jarima yozaman”. Yo‘q joydan chiqqan tashvishdan hushi boshidan uchay degan beka esa qarshisidagi yigit haqiqatan gaz idorasining xodimimi yoki yo‘qmi, buni o‘ylab ham ko‘rmay, unga yalinishga tushdi: “unday qilmang, uka, biror yo‘li bordir, axir?”
Shu savolni kutib turgan “tekshiruvchi” darrov muddaoga o‘tdi: “Mayli, siz uchun bir ilojini qilamiz. Sizga o‘zi 1,5 million so‘m jarima yozishim kerak edi. Lekin yarmini bersangiz, qolganini o‘zim to‘g‘rilayman, gazingiz ham uzilmaydi”. Ayozli kunlarda gazi uzilmasligini eshitishning o‘ziyoq ayolga katta madad bo‘ldi. U hech ikkilanmay aytilgan pulni olib chiqdi.
Oradan ikki kun o‘tib poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi bu ayolning eshigini yana gaz idorasi xodimlari taqillatdi. Ayol shundagina firibgarga chuv tushganini angladi. L.Aliyevaning arizasi asosida huquq-tartibot organlari tezkor-surishtiruv ishlarini olib bordi. Ko‘p qavatli uyning yon-atrofini lentaga muhrlagan videokuzatuv moslamasi xotirasini ko‘zdan kechirish natijasida firibgarning shaxsi aniqlandi. U Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi J.H. bo‘lib chiqdi. Unga nisbatan tegishli organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aslida bunday bo‘lmasligi mumkin edi. Ayol eshikni ochgach, kelgan odamning hujjatini so‘rashi, bor bo‘lsa, tuman gaz idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, shunday shaxs ishlaydimi yoki yo‘qmi aniqlashi lozim edi. E’tirozlarni qonunan hal etishga harakat qilishi, jarima to‘lashi zarur bo‘lsa, tegishli kvitansiya yozib berishni talab qilishi shart edi.
Bular hayotda talab etiladigan juda oddiy qoida va shartlar. Lekin ayrim soddadil yurtdoshlarimiz buni arzimas ikir-chikir, deb o‘ylaydi. Shundan ko‘ra ko‘z o‘ngida turgan odamga ishonib qo‘ya qoladi. Ba’zilar qonunni chetlab bo‘lsa ham ozgina foyda ko‘rsam, deydi. Lekin keyin ikki baravar ziyon ko‘rishini taroziga solib ko‘rmaydi.
Yoz bo‘yi xonadonidagi deraza romlarini zamonaviysiga almashtirish o‘yida yurgan Dilnora bunga gohida vaqt, gohida mablag‘ topolmadi. Havo soviy boshlaganda o‘zini koyib yurgan ham ediki, ko‘chada plastik rom o‘rnatadigan usta bilan tanishib qoldi.
“Usta qaysi firma yoki sexda ishlaydi, unga ishonsa bo‘ladimi?” Bu savollar suv va havoday zarur bo‘lib turgan plastik romlar oldida Dilnora uchun arzimas bo‘lib tuyuldi. Hech ikkilanmay G.Aga 3 million so‘m berib yubordi. Va’da qilingan muddat o‘tdi, lekin ustadan darak bo‘lmagani yetmaganday, u ayolning qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermay qo‘ydi. Chuv tushganini bilgan ayol endi boyagi savollar haqida o‘yladi, lekin endi kech edi. Yaxshiyamki, ustaning telefon raqami bor edi. Huquq-tartibot organlari shu orqali firibgarning shaxsini aniqladi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar tahliliga nazar tashlansa, ular orasida avtotransport vositalari bilan bog‘liq holatlar ko‘pligi ayon bo‘ladi. Odamlar yengil avtomobil sotib olish uchun yillab pul jamg‘aradi. Uni olishga kelganda esa rasmiy dilerlar qolib, bu borada yolg‘on va’dalar berishga ustasi farang bo‘lib ketgan odamlarga murojaat qiladi.
Yunusobodlik M.H. “Kaptiva” olish ilinjida yurgan Fayz Bahromovga shunday va’dalar qildiki, mijoz uning gaplaridan o‘zini orzusidagi mashinani boshqarayotgandek his etdi. Unga qanday qilib 24 ming 500 AQSH dollarini sanab berganini o‘zi bilmay qoldi. Ammo oradan oylar o‘tsa ham Fayzning orzusi orzuligicha qolib ketdi…
Yana shunday holatlar borki, ba’zilar yengil mashinalarini keyinchalik rasmiylashtirib berish sharti bilan qimmatroq narxda ijaraga beradi. Oradan oylar o‘tadi, mulkdor ijara haqini qurtday sanab olaveradi. Marraga sal qolganda esa arzimas kelishmovchilikni ro‘kach qilib mashina egasi va’dasidan tonadi, ya’ni mashinasini qaytarib oladi. Og‘zaki kelishuvga asoslangan bitim esa o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqadi. Biror-bir hujjatda qayd etilmagach, ijaraga oluvchi dodini kimga aytishni bilmay, puliga kuyib qolaveradi.
Ha, yon-atrofimizda mana shunday aldanib qolayotgan, peshona teri evaziga topgan daromadidan ayrilib qolayotganlar kam emas. Joriy yilning 10 oyida mamlakatimiz bo‘yicha firibgarlik holati bilan bog‘liq qariyb 8 ming holat aniqlangan. Bu nafaqat shuncha odam, balki shuncha oila aldov qurboni bo‘lib, moddiy zarar ko‘rganini anglatadi. Chunki firibgarlarning asosiy faoliyati o‘zgalarning mol-mulkini, mablag‘ini egallashga qaratiladi.
Shu bois ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu masalaga e’tibor qaratar ekan, firibgarlikni og‘riqli mavzu, deb ta’kidladi. Ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni keskin kamaytirishga erishilmayapti. Bunday jinoyatlarning asosiy sabablari fuqarolik munosabatlari qonun doirasida amalga oshirilmaganligiga borib taqaladi. Oqibatda bu sodda odamlarning jinoyat qurboni bo‘lishiga olib kelmoqda.
Bu fikrlar aytilganiga bir oydan ortiqroq vaqt o‘tdi. Firibgarlikka barham berish, uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirildi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda bu mavzuga keng o‘rin berilmoqda.
Xo‘sh, qanday natijaga erishildi? Afsuski, avval ham bir oyda o‘rtacha 700 dan ortiq firibgarlik holati qayd etilgan bo‘lsa, keyingi bir oyda bu borada deyarli o‘zgarish bo‘lmadi. 11 oy yakuni bo‘yicha 8 ming 617 firibgarlik holati qayd etildi.
Yana shu soddalik, ishonuvchanlik oqibatida odamlarimiz firibgarlarning tegirmoniga suv quyishda davom etmoqda.
O‘zi firibgarlar qayerda paydo bo‘lgan, degan haqli savol tug‘iladi. O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi rahbari Shoira Isoqovaning aytishicha, odam o‘z-o‘zidan firibgar bo‘lib qolmaydi. Bu insonning bolalik, ayniqsa, o‘smirlik davrida qanday tarbiya olganiga borib taqaladi. Ayrim ota-onalar farzandining yolg‘on gapirishini bilsa-da, bunga jiddiy e’tibor qaratmaydi. Birovning narsasini uyga olib kelsa, bunga parvo qilmaydi. Bolaning shaxs bo‘lib shakllanish davrida uning e’tiborsiz qolishi fe’l-atvorida shunday o‘zgarishlar yasaydiki, u mehnat qilmasdan, birovlar hisobiga yaxshi yashash mumkin, degan fikrga boradi. Bu fikr shaxsning harakatini boshqara boshlaydi va qarabsizki, bir firibgar paydo bo‘ladi.
Firibgarlar tuzog‘iga tushmaslik esa aslida odamlarning o‘ziga bog‘liq. Ongli, hushyor va huquqlarini yaxshi bilgan insonlar bu tuzoqqa ilinmaydi. Shunday ekan, har birimiz oldimizga ezgu maqsadlar qo‘yar ekanmiz, ularga to‘g‘ri yo‘l orqali, ya’ni mehnat qilib, qonun doirasida erishishga harakat qilsak, firibgarlarga hayotimizda o‘rin qolmaydi.
Davlatimiz rahbari notariat tizimidagi byurokratizm va sansolarlik holatlariga chek qo‘yish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali notarial xizmatlar ko‘rsatish jarayonini takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Bu fuqarolarga pul, ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari bilan bog‘liq har bir harakatni notarial idorada tasdiqlatishga keng imkoniyat yaratadi. Qo‘lida qonuniy hujjati bor odam esa hech qachon aldanib qolmaydi.