Energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni yoqilgʻi-energetika tarmogʻida samaradorlikni oshirish, energiya sarfini optimallashtirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni keskin rivojlantirish boʻyicha katta maqsadlar belgilangan. Buning uchun yangi energiya quvvatlarini ishga tushirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish talab etiladi.

Masalan, yurtimizda ming dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun rivojlangan davlatlarga nisbatan 2-3 barobar koʻp energiya sarflanadi. Neft mahsulotlariga yillik talabning 44 foizi import hisobidan qoplanmoqda.

Shu bois yigʻilishda yaqin yillarda energiya sarfini 2-2,5 barobarga qisqartirish masalalari muhokama qilindi.

Ommabop qishloq xoʻjaligi texnikasi va yuk avtomobillarini gazga moslashgan holda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Joriy yil yakunigacha 3 ta propan-butan aralashmasi hamda sintetik yoqilgʻi (GTL) zavodi ishga tushirilishi qayd etildi. Buning natijasida aviakerosin, dizel va suyultirilgan gaz importi toʻliq qisqaradi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan energiyaning 40 foizi binolarni isitish va yoritishga sarflanadi. Bu jarayonda isrofgarchilik ham koʻp. Masalan, 1 kvadrat metr maydonni isitish uchun yurtimizda oʻrtacha 400 kilovatt-soat, iqlim sharoiti bizga yaqin rivojlangan davlatlarda esa 170 kilovatt-soat energiya ishlatiladi.

Shu bois koʻp qavatli uylarni loyihalash va qurishda energiya tejovchi texnologiyalarni keng qoʻllash, ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini oshirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sanoatdagi energiya sarfi ham tahlil qilinar ekan, har bir soha va tarmoq kesimida ushbu resursni tejash va samaradorligini oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Xalqaro energoaudit tashkilotlarini jalb qilib, 285 ta yirik sanoat korxonasining energiya samaradorligini oʻrganish, uch smenada ish tashkil etgan tadbirkorlarga kechki smena uchun elektr tarifini 1,5 baravar kamaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari – hali toʻla foydalanilmayotgan ulkan rezervlardan biri. Albatta, bu yoʻnalish boshida katta xarajat talab qiladi. Lekin, bu kelajakda tabiiy gaz va neft tanqisligini hal qilish, isteʼmolchilar uchun esa sarf-xarajatlarni kamida 2 barobar tejash imkonini bersa, oʻzini oqlaydi.

Misol uchun, agar 150 mingta xonadonga quyosh panellari va suv isitish tizimlari oʻrnatilsa, yiliga 319 million kub metr tabiiy gazni tejasa boʻladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ragʻbatlantirish, qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqib, jahon tajribasi asosida isteʼmolchilarga qoʻshimcha shart-sharoit yaratish muhimligi taʼkidlandi. Sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilish, viloyatlarda quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari qurishga doir masalalar koʻrib chiqildi.

Elektr energiyasi hamda tabiiy gaz sarfini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yana-da keng joriy etish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Karantin sababli yoqilgʻi-energetika korxonalarida mablagʻ tanqisligi vujudga kelishini inobatga olib, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

 

OʻzA