Favqulodda hodisa va uning oqibatlari atroflicha tahlil qilindi, zarur chora-tadbirlar belgilandi

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida yuz bergan favqulodda hodisa sababli ushbu hududda boʻlib turibdi.

Davlatimiz rahbari raisligida Guliston shahrida mutasaddi rahbarlar, huquq-tartibot idoralari masʼullari, jamoatchilik vakillari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

Tadbirda Sardoba suv ombori toʻgʻonining kutilmaganda ochilishi va uning oqibatlari atroflicha tahlil qilindi, tegishli xulosalar chiqarildi.

Aholi salomatligini saqlash, talafot koʻrganlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, ijtimoiy obyektlar va qishloq xoʻjaligi maydonlarini tezroq tiklash boʻyicha dolzarb masalalar muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Bugun butun mamlakatimiz eʼtibori Sardoba tumanidagi tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etishga, suv toshqinidan aziyat chekkan yurtdoshlarimizga moddiy yordam koʻrsatishga, maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Olijanob va mehr-oqibatli xalqimiz hamjihat boʻlib, Sirdaryoga oziq-ovqat, issiq kiyim-bosh va boshqa zarur mahsulotlar yuklangan koʻmak karvonlarini yubormoqda.

 

OʻzA