Xiva – restavratsiya markazi boʻladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” majmuasiga tashrif buyurib, Amir Toʻra madrasasida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishdi.
Maʼlumki, Xiva jahondagi tarixiy shaharlar durdonalaridan hisoblanadi. Ochiq osmon ostidagi muzey deya eʼtirof etiladigan bu qadimiy qalʼa 1990-yili yurtimizda birinchi boʻlib YUNESKOning Jahon madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan.

“Ichan qalʼa”da xalqimizning noyob meʼmorlik anʼanalari, ajdodlarimizning turmush tarzi, hunarmandligi, sanʼati va madaniyati oʻz holicha saqlanib qolgan. Bu yerdagi 58 ta tarixiy-madaniy meros obyektidan 17 tasida turli muzeylar joylashgan.
Majmuadagi tarixiy obidalarni asl holicha saqlash maqsadida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda. Muzey-qoʻriqxonaning shimoliy qismida, aholi istiqomat qiladigan hududda joylashgan Amir Toʻra madrasasi joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasining 9,5 million dollarlik grant mablagʻi hisobiga qayta tiklandi. Natijada ushbu inshoot “Ichan qalʼa”dagi turistik obyektlardan biriga aylandi.

Madrasa 1872-yili barpo etilgan. Chor Rossiyasining Xorazmga hujumi tufayli obida qurilishi oxiriga yetkazilmay toʻxtab qolgan.
Madrasaning old fasadi Xiva meʼmorligiga xos tarzda ikki qavatli qilib qurilgan. Bu yerda 54 ta hujra boʻlib, ichki sahn koshin bilan qoplangan. Shuningdek, 2 ta gumbazli xona, qishki va yozgi masjidlar, darsxona boʻlgan.

Davlatimiz rahbari “Ichan qalʼa”da xalqimizning bebaho madaniy merosi mujassam ekanini, Amir Toʻra madrasasi kabi noyob obidalar ajdodlarimizning tarixiy oʻziga xosligini saqlash va kelajak avlodlarga asl holicha yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
– Tarixiy binolarni saqlash hamma davrlarda eng katta muammo boʻlib kelgan. Xiva Oʻzbekistonda tarixiy obidalarni taʼmirlovchi restavratorlar maktabi boʻlgan. Bugun ana shu maktabni qayta tiklash vaqti keldi, – dedi Prezident. – Amir Toʻra madrasasi restavratorlarni oʻqitadigan maktab boʻladi. Bu yerda ustalarga Samarqand, Fargʻona, Qoʻqon restavratsiya maktablari anʼanalari oʻqitiladi. Sayyohlar kunduzi restavratorlar ishini koʻrsa, kechki paytlari bu yerda tarixiy sahnalar, xon qabullari namoyish etiladi. Shunday qilsak bu obidalarda hayot qaynaydi.

Turizm mamlakatimizda strategik sohalardan biridir. Xorazm viloyatida ham bu borada ulkan salohiyat mavjud. Undan oqilona foydalanish maqsadida 2020-2021-yillarda viloyatda turizmni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan.
Mazkur dasturda Xorazmning turizm salohiyatini rivojlantirish strategiyasi belgilab olingan. Unga koʻra kelgusi ikki yilda viloyatda umumiy qiymati 1,09 trillion soʻmlik 64 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Turizm loyihalari viloyatning barcha tumanlarini qamrab oladi.

Jahonda kuzatilayotgan koronavirus tahdidi turizm bozoriga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonda buning oldini olish va sohani barqaror rivojlantirish uchun zarur choralar ishlab chiqildi. Davlatning institutsional koʻmagi, hukumatlararo hamkorlik, logistika, turizm salohiyati targʻiboti, ichki turizm oyligi va haftaliklari, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” loyihalari ana shunday choralar sirasiga kiradi. Shuningdek, mintaqaviy turizm loyihasi orqali koronavirus tarqalmagan qoʻshni davlatlardan sayyohlarni jalb qilishni nazarda tutilgan.
Mamlakatimiz boʻylab amalga oshiriladigan bunday tadbirlar natijasida 580 ming xorijiy sayyohni jalb qilish va turizm xizmatlari eksportidan 94 million dollar daromad koʻrish rejalashtirilgan. Shuningdek, ichki turizm orqali 5 million yurtdoshimizning sayohatlarini tashkil etish va qoʻshimcha 840 milliard soʻm tushumga erishiladi.

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturiga muvofiq, viloyatda taʼlim yoʻnalishida loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Xorazm viloyatida Malayziyaning “Binary” universiteti filialini, Urganch davlat universitetida madaniy merosni boshqarish, gid hamrohligi va tarjimonlik yoʻnalishlarini ochish rejalashtirilgan. Buning natijasida viloyatda har yili turizm yoʻnalishida 50-60 nafar malakali kadr tayyorlanadi.
Xorazm lazgisi oʻtgan yil dekabr oyida YUNESKOning nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan edi. Bugungi kunda Yaponiya, AQSH va Yevropa davlatlarida lazgiga qiziqish ortib bormoqda. Ushbu sanʼatni yoshlarga yetkazish, xorijliklarga mahorat darslari oʻtish uchun Xorazmda lazgi akademiyasi tashkil etiladi. Bu ham xalqimizning nomoddiy madaniy merosini dunyoga targʻib etishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda viloyatda 600 dan ortiq baliqchilik fermer xoʻjaligi mavjud. Bu gostronomik turizmni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatdir. Undan foydalanish maqsadida 71 ta koʻlda xalqaro standartlar darajasida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish orqali sayyohlar oqimini koʻpaytirish moʻljallanmoqda.
Afsuski, bizda hozir faqat baliq ovi va gostronomik xizmatlar koʻrsatiladi. Aslida Xorazmda birgina ushbu yoʻnalishda oʻndan ortiq xizmatni yoʻlga qoʻyish mumkin. Bu yoʻnalishni rivojlantirish va kelgusida Xorazmni baliqchilik, yaʼni “Fishing culture” markaziga aylantirish koʻzda tutilgan. Hozirgi kunda Fransiya va Rossiya telekompaniyalari bilan Xorazm baliqchiligiga bagʻishlangan koʻrsatuvlar suratga olinmoqda.

Bundan tashqari, qishloqlarda yangi ish oʻrinlari yaratishda turizmning roli katta. Xorazm misolida “Turistik mahalla”, “Turistik qishloq” konsepsiyalari rivojlantiriladi. Buning uchun toʻrtta qishloq tanlab olinib, ularda saksonga yaqin mehmon uylari barpo etish, hududlarning hunarmandligi, agro va etno turizmini koʻrsatish moʻljallanayapti.
Viloyatda tematik parklarni rivojlantirish boʻyicha ham loyihalar ishlab chiqilgan. Masalan, Xorazm zaminidan koʻplab buyuk ajdodlarimiz yetishib chiqqan. Ularning mum haykallari va foto zonalarini tashkil etish moʻljallanmoqda. Ulardan dastlabki toʻrttasi “Ichan qalʼa”da oʻrnatiladi. Yil oxirigacha oʻndan ziyod ajdodlarimizning haykallari oʻrin oladi.

Xiva tumanida “Anor”, “Anjir”, Yangiariq tumanida “Mennonit qishlogʻi” tematik parklari barpo etiladi. Natijada koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratiladi, hududlarning turizm jozibadorligi ortadi.
Davlatimiz rahbari turizm loyihalari bilan tanishar ekan, Xivada xonlar shaharchasini qurish, bu yerda Xorazm xonlari tarixini koʻrsatish va xalqimiz va xorijiy sayyohlarga yetkazish kerakligini taʼkidladi.

– Biznikidek buyuk tarix yer yuzida juda kam. Jalodiddin Manguberdidek buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bobolarimiz tarixini oʻrgatadigan maskanlarni koʻpaytirsak ham daromad keladi, ham xalqimizga tariximizni oʻrgatamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Xiva shahridagi birorta obida eʼtiborsiz qolmasligi, amalga oshiriladigan loyihalar natijasida dunyodagi goʻzal turistik maskanlardan biriga aylanishi lozimligini taʼkidladi. Viloyatda turizmni rivojlantirish borasida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA