Shavkat Mirziyoyev: pillachilik klasterlarini koʻpaytiramiz

Davlatimiz rahbari Yangiariq tumanidagi “Xorazm pilla xolding” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bir yil oldin korxona oʻrnida 70 yillar oldin qurilgan eski pillaxona boʻlgan. Shu atrofda yashayotgan xotin-qizlarni esa ishsizlik masalasi qiynab kelardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatda klaster usulida pilla yetishtirish tizimi yoʻlga qoʻyilgani yangiariqlik xotin-qizlar hayotida ham yangi sahifani boshlab berdi.

Gap shundaki, eski pillaxona oʻrnida zamonaviy jihozlangan, klaster usulida ishlash rejalashtirilgan “Xorazm pilla xolding” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi. Korxonada bosqichma-bosqich loyihalar amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda 2 ta pillani qayta ishlash liniyasi ishga tushurildi. Buning uchun tadbirkor 1,3 million dollar mablagʻ sarfladi. Korxonada pilladan xom ipak, ipak momigʻi ishlab chiqariladi, 50 dona zamonaviy dastgohda ipak gilam toʻqiladi. 2 smenada 200 doimiy, 1800 nafar mavsumiy ishchi, asosan xotin-qizlar mehnat qilmoqda. Korxonada 2020-yilda 1 million 159 ming dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan. Loyiha uchun sarflangan mablagʻ 5 yilda qoplanishi kutilmoqda.

Xorazmda pillani qayta ishlash boʻyicha ilgʻor tajribalar ommalashmoqda. 2019-yilda viloyatda “Xorazm ipagi”, “Khiva silk fabric”, “Urganch silworn pro” va “Xorazm pilla xolding” kabi pillani qayta ishlash korxonalari ish boshladi. Joriy yilda viloyatda pillachilik sohasida 1649 doimiy va 4-marta pilla yetishtirish mavsumi hisobiga 55 ming 585 mavsumiy ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

“Xorazm pilla xolding” korxonasi 2020-yil oxiriga qadar “Afghan Bazar Garpets” xorijiy korxonasi (Germaniya) bilan hamkorlikda ipak, jun va paxta tolasi aralashmasidan qoʻlda gilam toʻqish sexini ochmoqchi. Bu bilan yana 200 xotin-qiz ish bilan taʼminlanadi. Loyiha tutzorlar tashkil qilishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishga boʻlgan jarayonni qamrab oladi. Mahsulotlar Yevropa va AQSH bozorlariga eksport qilinadi.

Prezidentimiz xotin-qizlar uchun munosib ish oʻrni yaratish omili boʻlgan bu kabi klaster usulidagi korxonalarni har bir tumanda tashkil qilish kerakligini taʼkidladi.

– Xomashyo yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayon har bir tumanda yoʻlga qoʻyilishi kerak. Bu jarayonga asosan tadbirkorlarni jalb etish yaxshi samara beradi. Oʻzbek ipak mahsulotlariga bozor bor ekan, bu kabi klasterlarni koʻpaytiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA