Koʻnikma — inson uchun katta ehtiyoj. Kattalar-ku, mayli, ammo kichiklar uchun bu suv va havodek zarur.
Masalan, ota-onasi bagʻridan chiqib ilk bor maktab partasiga oʻtirgan oʻgʻil-qizlarning hayajonini tasavvur qiling. Bogʻcha tarbiyasini toʻliq olgan kichkintoylar ehtimol bu borada koʻpam qiynalishmas. Ammo boshqalar-chi? Ular harf tanishda, savod chiqarishda, eng sodda hisob-kitob amallarini bajarishda tengdoshlaridan nima uchun ortda qolib ketishlari kerak?
Bu masala hukumatimizni ham anchadan buyon oʻylantirib kelayotgan edi. Shu sababli kecha Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni boshlangʻich talimga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Xoʻsh, mazkur hujjat nimasi bilan muhim?
Bu oʻrinda gap taʼlimning poydevori haqida ketmoqda. Buning uchun esa, avvalo, maktabgacha taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish kerak. Sogʻlom, faol, barkamol farzandlarni voyaga yetkazishning sharti shu. Hukumat qarori esa bolalarni boshlangʻich taʼlimga sifatli tayyorlash maqsadini koʻzda tutadi.
Hujjat avvalida 2018/2019 oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida, Fargʻona viloyatining Furqat tumani va Quvasoy shahrida hamda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek, Mirobod, Bektemir, Uchtepa, Yashnobod, Chilonzor, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bepul bir yillik tayyorlash tizimi tajriba-sinov tariqasida muvaffaqiyatli amalga oshirilgani qayd etilgan.
Bu esa mazkur ilgʻor tajribani mamlakatimizning boshqa boshqa hududlarida ham ommalashtirish mumkinligi tasdiqlaydi.
Shu bois qaror asosida maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalar uchun tayyorlov guruhlarini shakllantirish, mazkur guruhlar oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish kabi vazifalar amalga oshiriladigan boʻldi.
Belgilab qoʻyilganidek, tayyorlov guruhlari uchun 2019/2020 oʻquv yili shu yilning 10-martdan boshlanadi va 20-avgustda tugaydi.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab esa tayyorlov guruhlari uchun oʻquv yili hap yili 2-sentyabrdan boshlanadi va keyingi yilning 25-mayida tugaydi.
Davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan hamda ulardan tashqari toʻliq yoki toʻliq boʻlmagan kun (bir haftada kamida 15 soat taʼlim-tarbiya jarayoni tashkil etilgan holda) rejimida tashkil etiladigan tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilari boshlangʻich taʼlimga tayyorgarlikdan oʻtgan, deb hisoblanadi va majburiy bepul bir yillik tayyorlovdan ozod etiladi;
Davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan hamda ulardan tashqari tashkil etilgan tayyorlov guruhlarida boshlangʻich taʼlimga
majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtgan bolalarga boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlovdan oʻtganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
OʻzA