O‘zbekiston jangchi faxriylari va nogironlari “Veteran” birlashmasi tomonidan Xalqaro nogironlar kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi. Unda bir guruh harbiy nogironlarga mukofot va sovg‘alar topshirildi.

O‘zbekiston jangchi faxriylari va nogironlari “Veteran” birlashmasi raisi Tal’at Murodov va boshqalar jangchi faxriylar yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etayotgani, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotganini ta’kidladi.

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi Sergey Chernishev tomonidan ikki o‘zbek harbiy faxriysiga “Jangovar xizmatlari uchun” va “Jasurlik uchun” medallari topshirildi. Faxriylar bu mukofotlarga 28 yil avval sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston jangchi faxriylari va nogironlari “Veteran” birlashmasi raisi T.Murodov esa xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin farmoniga muvofiq “Drujba” (“Do‘stlik”) ordeni bilan taqdirlandi.

Birlashma ansambli artistlari konsert dasturlari bilan chiqish qildi. Shuningdek, birlashma huzurida tashkil etilgan “Vatanparvar fidoyilar” tashkiloti faoliyati haqidagi taqdimot namoyish qilindi.

Nogironlarga tibbiyot kompaniyalari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Ablay Kamolov, O‘zA