Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazi”ning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
–Yangi markazda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Xo‘jayli tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Kamil Aytboev. – Endi oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar iqtisodiyot va sanoat, bandlik, moliya, investitsiya, soliq, statistika bo‘limlari, hududiy Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklariga borib yurmasdan, markazga kelib hamma ishini shu joyda hal etadi. Jumladan, biznes loyiha tuzish, imtiyozli kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan mutaxassislardan shu yerning o‘zida maslahat olishlari mumkin. Bu esa mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning samarasidir.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA