Sog‘liqni saqlash tizimidagi idoraviy hujjatlar joylardagi sharoitga mos kelmaydi

Deputat fikri
Bugungi kunda fuqarolarimiz sog‘liqni saqlash sohasidan rozi emas. Qaysi viloyatga bormang, aksariyatida fuqarolar tibbiy xizmatlar sifatining loaqal qoniqarli darajada emasligidan nolishadi. 
To‘g‘ri aholining sog‘liqni saqlash tizimidan roziligini ta’minlash maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, qarorlar qabul qilindi. Ammo, qanchasining ijrosi hayotda o‘z aksini topdi degan savolga javob berish qiyin. Bu bilan qabul qilinayotgan hujjatlar hayotiy emas deyishdan yiroqmiz. Tahlillar ularning ijrosi uchun mas’ul idora va tashkilotlarning beparvolikka yo‘l qo‘yayotganini ko‘rsatmoqda.
Birgina misol keltiraman. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi tegishli farmoni bilan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi va 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi ham tasdiqlandi.
Mazkur farmon va Konsepsiyada sohadagi tizimli muammolar ko‘rsatib o‘tilib, ularni bartaraf etish va tizimni rivojlantirish uchun aniq vazifalar belgilab berilgan. Ularda moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini 2020 yil 1 apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etish, sog‘liqni saqlashni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kabi vazifalar belgilangan edi.
Yuqoridagi Konsepsiya va sohani rivojlantirishga mo‘ljallangan davlat dasturlari qabul qilinganiga bir yildan ortiq vaqt o‘tdi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: sohadagi rivojlanishni aholi sezayaptimi, ijobiy natijalar bormi?
Umuman olganda, joylardagi o‘rganishlar natijasida shuni ko‘rish mumkinki, bugungi kunda aksariyat aholini sog‘liqni saqlash tizimidagi ko‘plab muammolar tashvishga solyapti hamda tizim faoliyatidan noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, shifoxonalarga bepul yo‘llanma-orderni olish jarayonidagi qiyinchiliklar, nogironlikni belgilash tartibi, shifokorlarning yetishmasligi, tibbiyot xodimlari maoshlari miqdorining pastligi sabab ko‘plab shifokorlar xususiy klinikalarda faoliyatini davom ettirayotganligi kabi muammolar hamon saqlanib qolmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar tahlil qilinganda, yuqorida keltirib o‘tilgan hujjatlarning joylardagi ijrosini yanada kuchaytirish kerakligi, sohada hal qilinishi lozim bo‘lgan tizimli muammolar o‘z yechimini kutayotganligini ko‘rish mumkin.
Xususan, ayrim tor mutaxassislarga bo‘lgan talab yuqoriligi joylarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasida yuzaki yondashuvlarga olib kelmoqda. Bitta tor mutaxassis misolida aytadigan bo‘lsak, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inlarida ular uchun bir yoki ikki nafar shtat ajratilgan bo‘lib, bu aholisi 150 mingdan ziyod bo‘lgan tumanda dispanser ko‘rigini jo‘yali tashkil etish imkonini bermaydi.
Shuningdek, olis qishloqlarda bemorlarga ambulator davolash tavsiya etilgan taqdirda, misol uchun antibiotiklar tavsiya etilsa, bemorlar ish vaqtidan tashqari vaqtda hamshira izlashiga majbur bo‘lmoqda. Vaholanki, har bir qishloq oilaviy punktlarda qo‘shimcha bir nafardan hamshira shtati ajratish orqali navbatchilik tashkil etilishi mumkin.
Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning joylardagi ijrosi aholining ko‘plab noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, joylarda QVPlar noto‘g‘ri qisqartirilgan bo‘lib, unda asosiy e’tibor ko‘proq aholi soniga qaratilgan. Biroq qishloqlar joylashuvi, tuman markazidan uzoq-yaqinligi, qishloqlarga boradigan avtomobil yo‘llarining mavjud emasligi yoki ta’mirlanmaganligi hisobga olinmagan. Natijada ko‘p joylarda aholi birlamchi tibbiy yordamdan mahrum bo‘lmoqda.
Misol uchun, Sirdaryo viloyatidagi “Birlik” MFYda mavjud QVP qisqartirilgan va bino butunlay bo‘shatilgan. Ushbu mahalla tuman markazidan ancha uzoq joylashgani, bu yerga keladigan yo‘llar ta’mirtalabligi, tez tibbiy yordam mashinalari loy ko‘chalarda harakatlana olmasligi sabab aholi birlamchi tibbiy yordam olishda muammolarga duch kelmoqda. Natijada, mahalliy aholi salomatligiga putur yetmoqda.
Shu munosabat bilan, sog‘liqni saqlash tizimida davlat rahbari va hukumat tomonidan tasdiqlangan hujjatlar ijrosini yetarli darajada ta’minlanishi ustidan nazorat o‘rnatish lozim. Joylarda kamchiliklarni aniqlash maqsadida jamoatchilik nazoratini o‘tkazish, fuqarolar fikrlarini o‘rganish amaliyotini keng joriy etish muhim hisoblanadi.
Ushbu muammolar yig‘ilib qolganining asosiy sabablaridan biri sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv tizimidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar mavjudligi, haddan tashqari markazlashganligi, qabul qilinayotgan idoraviy hujjatlarni joylardagi sharoitga to‘liq mos tushmasligidir.
Shu bois, mavjud sog‘liqni saqlash tizimi bugungi kun talabiga javob bermasligini inobatga olgan holda ushbu sohada butunlay yangi, zamon talablariga mos tizim yaratish vaqti allaqachon keldi. Zero, eski tizim, eski uslub bilan yangiliklarni sohaga joriy etib bo‘lmasligini vaqtning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Agar bugun o‘zgartirmasak, ertaga kech bo‘ladi…
Zuhra IBRAGIMOVA, 
Qonunchilik palatasi deputati
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi

O‘zA