2019-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senati Kengashlarining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilindi. Ushbu qaror har ikkala palataning yalpi majlislarida maʼqullangani uchun qonun kuchiga teng deyish mumkin.
USHBU QARORNING DOLZARBLIGI NIMALARDA KOʻRINADI?
Ochigʻi, toʻylarni tartibga solishga yurtimizda bundan 100-yil muqaddam jadid bobolarimiz imkon qadar harakat qilishgan. Ayniqsa, Mahmudxoʻja Behbudiy “toʻy va aza ismidagi bu ikki qattol dushman hayotimizga egov, oyogʻimizga tushov” boʻlayotganini kuyunib yozgan.
Behbudiy “Oyina” jurnalining 1915-yildagi nashrida shunday deydi: “Toʻy va taʼziyagʻa sarf qilinaturgʻon oqchalarimizni biz ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimiz-da, dinimiz-da obroʻy va rivoj topar. Yoʻq, hozirgi holimizgʻa davom etsak, din va dunyogʻa zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz boʻlmaydur”.
Bir asr avval millatimizni taraqqiyotdan toʻsgan toʻydagi ortiqcha dabdaba, afsuski, bizning davrda yana-da avj oldi.Ayrim fuqarolar dabdabali toʻy marosimlari va ularni oʻtkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda. Xorijda ishlayotgan aksar yurtdoshlarimizning hayoti, ish sharoiti qanchalar qiyinligi, yoʻllardagi fojialar haqidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida tez-tez koʻrib, bilib turibmiz.
Baʼzilar toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni dabdaba bilan oʻtkazishni qoʻshnilar, qarindoshlarning tanqidlaridan, qoralashidan, umuman olganda, jamoatchilik bosimidan xalos boʻlish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar oʻrtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda. Qarzdorlikdagi ogʻir gap-soʻzlar tufayli umrbod yuz koʻrmas boʻlib ketayotgan yaqinlar ham, ming afsuski, oramizda yoʻq emas.
Mana shunga oʻxshash xunuk holatlarga chek qoʻyish maqsadida, millionlab yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalaridan kelib chiqib Parlament qaror qabul qildi. Qaror bilan nizom tasdiqlandi va joriy yilning 1-yanvaridan nizom kuchga kirdi. Nizom talablari xususida batafsil aytib oʻtirish ortiqcha, deb oʻylayman. Chunki qaror va nizom deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirildi. Aholi tomonidan keng muhokama etildi.
Senatorlar va deputatlar hududlarda aholi bilan uchrashuvlarda Qaror va nizom talablari haqida batafsil tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar.
Men shu oʻrinda Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek, fuqarolar yigʻinlarida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyati jonlandi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Toʻy va marosimlarni oʻtkazish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Loyihada toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazish tartibini mazkur tadbirlarni oʻtkazuvchi shaxs tomonidan buzish yoki toʻyxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan buzish holatlarida qoʻllaniladigan jarima miqdori belgilangan. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan maʼqullangandan keyin Senat muhokamasiga kiritiladi. Oʻylaymanki, bu masala tez kunlarda hal boʻladi.
Parlament qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi tomonidan “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni tashkil etish va uni oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlari raislari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini tashkil etish tartibi” ishlab chiqildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi tomonidan 2019-yilning oktyabr oyida “Toʻy, marosim va maʼrakalarni meʼyorida oʻtkazish haqida fatvo” loyihasi tayyorlandi.
Imom-xatiblar tomonidan kundalik namozlarda, juma maʼruzalarida va boshqa tadbirlarda “Maʼraka marosimlarning mazmun-mohiyati”, “Isrofgarchilikni oldini olish”, “Dabdababozlikka yoʻl qoʻymaslik”, “Bidʼat va xurofotlarga barham berish”, “Shukronalik fazilatlari”, “Muqaddas dinimiz arkonlarini eʼzozlash”, “Bugungi tinch — osuda hayotimizning qadriga yetish” kabi mavzularda targʻibot ishlari amalga oshirildi va hozirgi kunga qadar ham davom etib kelmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 7 bandlik soha xodimlarning “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish bilan bogʻliq Islom dini taʼlimotlariga, milliy qadriyatlarga, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan odatlarning oldini olish” boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda pullik avtotransport xizmati koʻrsatish faoliyatini alohida nazoratga olindi.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan yuqorida aytilgan nizomning mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha bir qator targʻibot tadbirlari oʻtkazilib kelinmoqda.
Xususan, qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha tarqatma materiallar (annotatsiya va slaydlar) tayyorlanib, aholi oʻrtasida keng targʻibot tadbirlari amalga oshirish maqsadida hududiy adliya organlariga yuborilgan.
Bugungi kunga qadar adliya organlari tomonidan ushbu qarorning mazmun-mohiyati boʻyicha joylarda jami 2793 marotaba targʻibot tadbirlari amalga oshirildi, 2063 marotaba seminar va davra suhbatlari oʻtkazildi, 31 marotaba televideniye hamda 64 marotaba radio orqali chiqishlar tashkil etildi, 395 marotaba gazetalarda maqolalar chop qilindi.
Oʻtkazilgan targʻibot tadbirlarining 1172 tasi mahallalarda, 374 tasi mehnat jamoalarida, 287 tasi taʼlim muassasalarida hamda 230 tasi boshqa joylarda tashkil etildi.
Shuningdek, hududiy davlat soliq xizmati organlari tomonidan jami 1482 ta toʻyxona egalari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, toʻy xarajatlarining asossiz ikki-uch baravar miqdorda oshirish holatlarini oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilning birgina yanvar oyida ommaviy axborot vositalari va internet tarmogʻida toʻylar mavzusida jami 473 ta material eʼlon qilindi.
Mazkur materiallarning 162 tasi matbuotda, 90 tasi “Feysbuk” ijtimoiy tarmogʻida, 59 tasi telekanallarda, 60 tasi radiokanallarda, 58 tasi “Telegram” messenjeri, 44 tasi veb-saytlarda joylangan.
Telekanallarda asosiy urgʻu oʻzbek milliy marosimlarining uzoq yillik tarixi, kelib chiqishi, davriy oʻzgarishi, shuningdek, shuhratparastlik, oʻzini koʻz-koʻz qilish boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning milliy urf odatlari hamda anʼanalarini mensimaslik kabi illatlar koʻzga tashlanayotgani, shu kabi holatlarning oldini olish va uni bartaraf qilishdek jiddiy holatlarga qaratilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda mavzu yuzasidan “Aholi muammolari oʻrganilmoqda”, “Toʻy oʻtkazishdagi musobaqalarga chek qoʻyiladimi?”, “Toʻy-hashamlar toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirdi” singari postlar tarqatilib, foydalanuvchilar eʼtiboriga havola qilingan. Shu oʻrinda hurmatli jurnalistlarimizni bir masalaga eʼtiborli boʻlishga chaqiraman. Qarorimiz nomida “toʻy-hasham” degan jumla yoʻq. Axir biz aynan ortiqcha hashamga qarshi kurashish maqsadida qaror qabul qildik. Shuning uchun qaror nomi haqida gap ketganda “toʻy-hasham” jumlasini ishlatmaslikni soʻrayman. Taassufki, parlament qarorini mana shunday nom bilan yoritayotgan matbuot nashrlari uchrab turibdi.
Qaror talablari haqida turli mutasaddi vazirlik va idoralar aholi orasida targʻibot ishlarini keng qamrovda olib bormoqdalar. Jumladan, Respublika Mahallalar kengashi va “Nuroniy” jamgʻarmasi faollarining Toʻy va marosimlarni tartiblashtirish boʻyicha murojaati qabul qilindi. “Nuroniy” jamgʻarmasi faollari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda respublikamizning barcha mahallalarida oʻtkazilgan “Dabdabali toʻy — baxt kafolati emas”, “Maʼnaviyat oiladan boshlanadi” mavzularida 9563 marotaba tadbirlar oʻtkazilib, ularga 539 739 nafar aholi vakillari jalb etildi.
Toʻy va marosimlarning maʼnaviy-maʼrifiy asoslarini mustahkamlash borasida 10058 marotaba nikoh yoshidagi 622 922 nafar yoshlar bilan targʻibot tadbirlari, uchrashuvlar oʻtkazildi. Nikohdan oʻtayotgan 357 juft kelin-kuyovlar uchun oila maʼnaviyati, axloqi va ajdodlarimizning mustahkam oila haqidagi oʻgitlarini oʻz ichiga olgan tavsiyalar yetkazib berildi.
Toʻy va marosimlarni ixcham, tartibli oʻtkazish boʻyicha xotin-qizlar oʻrtasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda ortiqcha isrofgarchilikka berilish oila iqtisodiga va yosh oilaning mustahkamligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi haqida 7 936 marotaba tushuntirish ishlari olib borilib, ularga 375 645 nafar xotin-qizlar jalb etildi.
Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida mahallalarda oʻtkazilgan “Ota-onalar universiteti”larining 1362 ta mashgʻulotida 15 644 nafar xotin-qizlarga sarpo, buyum yigʻishga ruju qoʻyish, oila byudjetini notoʻgʻri rejalashtirish va boshqa nosogʻlom orzu-havaslarning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berildi.
Hududlarda xonadon egalari tomonidan rejalashtirilayotgan namunali toʻylar roʻyxati tuman (shahar) kesimida tuzilib, ushbu roʻyxat har oyning 5-sanasiga qadar Respublika kengashiga taqdim etib borilmoqda.
Mahallalarda namunali toʻy va oilaviy marosimlar oʻtkazishni rejalashtirgan 1 565 nafar oilalar vakillari bilan suhbat oʻtkazildi. Aholi bilan oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari natijasida 345 ta xonadon egalari tomonidan 2019-yilning noyabr-dekabr oylarida namunali toʻylar oʻtkazildi.
Mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan holatlarning oldini olish, aholining maʼnaviy dunyoqarashi va maʼrifatini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolarni inobatga olgan holda mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish boʻyicha jamoat tashkilotlarining 2020-yil yanvar-iyun oylariga moʻljallangan Hamkorlik Dasturi qabul qilindi. Hamkorlik dasturining IV boʻlimida aynan “Toʻy va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish” borasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga taalluqli masalalar qamrab olingan.
“Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan mahallalarda nuroniylar ishtirokida ishchi guruhlari tashkil qilingan boʻlib, Qarorda koʻrsatilgan talablar asosida toʻylar ixcham va kamxarj qilib oʻtkazilish yuzasidan tushuntirishlar olib borilmoqda. Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlarida nuroniylar boshchiligida ehtiyojmand oila farzandlarining toʻylari hamkor tashkilotlar va homiylar ishtirokida namunaviy toʻylar tarzida oʻtkazib berilgan.
Barcha viloyatlarda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixcham hamda tartibli oʻtkazishda mahallalarda nuroniylar bosh-qosh boʻlmoqda. Hududiy boʻlimlar viloyat va tuman deputatlari bilan hamkorlikda mahallalarda uchrashuvlar, davra suhbatlari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Ayniqsa toʻy va boshqa marosimlarga bosh boʻluvchi xotin-qizlar bilan ortiqcha isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik va yosh oilalarni milliy qadriyatlar asosida ahil-inoq yashashlariga, mustahkamligiga hissa qoʻshish kerakligi tushuntirilmoqda.
Shuningdek, yoshlar ishtirokida ota-onalar bilan oʻtkazilayotgan suhbatlarda oilaning muqaddasligi, farzandlar tarbiyasi, tinchligi masalalari qamrab olingan. Toʻydan avval mahallada nuroniylar ishtirokida sanʼatkorlar, avtomashinalar va toʻyxona masalalarida toʻy egalari bilan maslahatlashib, kelishib olinmoqda.
Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda barcha hududiy boshqarmalar tomonidan toʻyxona egalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar ishtirokida uchrashuvlar tashkillashtirilib, tushuntirish va targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida 580 tadan ortiq davra suhbatlari hamda uchrashuvlar oʻtkazilgan.
Uchrashuvlarda talaba-yoshlarga toʻy va marosimlarning mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi, xalqimizning milliy tabiatiga mutlaqo yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini ogʻirlashtiradigan, ularning turmushini izdan chiqaradigan holatlar ekanligi va bunday salbiy illatlarga barham berish lozimligi tushuntirildi.
Shuningdek oʻtkazilayotgan tadbirlarda “love story”, avtomashinalar korteji, “ommaviy madaniyatning” salbiy oqibatlari haqida maʼlumotlar berib borilmoqda.
Ochigʻi, shuncha targʻibot ishlariga qaramay, hamon toʻylarni dabdaba bilan oʻtkazishga, qator kortejlar tashkil qilishga urinayotgan yurtdoshlarimiz uchrab turibdi. Buni, ayniqsa, internet sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlarda koʻrib turibmiz. Demak, qilayotgan ishlarimiz hali kutilgan samara bermayapti. Demak, senatorlarimiz, deputatlarimiz, mahalliy Kengashlarimiz, toʻy boʻyicha tuzilgan komissiyalar, mutasaddi vazirlik va idoralar, mahallalar tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar yetarli emas.
Targʻibot-tashviqotni, tushuntirish ishlarini yana-da jonlantirishimiz zarur. Bunda bizga albatta hurmatli jurnalistlarimizning, ayniqsa, blogerlarimizning yordamlari kerak boʻladi.
Birgalikda ish olib borsak, dabdabali toʻy qilgan odamni jarimaga tortib, keng muhokama qilish oson. Lekin yurtdoshlarimiz bilan toʻydan oldin maslahatlashish, tantana va marosimlarni ixcham oʻtkazishning oʻziga, farzandlariga, jamiyatimizga foydasi haqida keng tushunchalar berish birinchi galdagi vazifamiz boʻlishi shart.
Buning uchun hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz kerak.
Baxtiyor Sayfullayev,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi