Kengash aʼzolari tomonidan Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqi va Parlamentga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturi hamda Senatning 2020-yil birinchi yarmiga moʻljallangan ish rejasi muhokama qilindi.Taʼkidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi mamlakatimizni rivojlantirishning strategik yoʻli, demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi muhim dasturilamaldir. Unda mamlakatimiz uchun demokratik islohotlar yakkayu-yagona va eng toʻgʻri yoʻl ekani dalillar bilan koʻrsatib berildi.
Davlatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida Senat zimmasiga masʼuliyatli vazifalar yuklandi. Harakatlar dasturida ushbu vazifalarni soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli bajarish boʻyicha asosiy yoʻnalishlar belgilangan. Xususan, Senatning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti samarali ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Kelgusida vazirliklar, idoralar hamda hududlar rahbarlarining qonunlar, davlat va hududiy dasturlar ijrosi, shuningdek, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimi yuzasidan hisobot va axborotlarni muntazam muhokama qilib borish rejalashtirilgan.
“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Senati hududiy vakillik palatasi sifatida xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yana-da mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratadi. Bu borada aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali tizimini yaratish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlarni, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni manzilli qoʻllab-quvvatlash va ularning bandligiga koʻmaklashish, gender tenglikni taʼminlashga oid vazifalar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish choralari belgilangan.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar faoliyatini tubdan takomillashtirish, Senatning ular bilan hamkorligini kuchaytirish, Kengashlarga amaliy va uslubiy koʻmaklashish chora-tadbirlari belgilangan. Hududlardagi oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, jumladan, hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan oʻqishlar tashkillashtiriladi. Bu borada Samarqand viloyati tajribasini barcha hududlarda joriy etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Oliy Majlis Senatida doimiy asosda ishlovchi senatorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mahalliy Kengashlarga, joylardagi Senat aʼzolari esa tegishli tuman va shahar Kengashlariga masʼul etib biriktirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda Senatning rolini kuchaytirish, masʼul davlat organlarining huquqbuzarliklar barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash masalasiga jiddiy eʼtibor beriladi.
Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan munosabatlarini rivojlantirish, xalqaro aloqalarini mustahkamlash va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda Senatning rolini yana-da kuchaytirish hamda parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish parlament yuqori palatasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
Senatning qoʻmita raislari muhokama etilgan masalalar yuzasidan oʻz taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Yil davomida qoʻmitamiz Qonunchilik palatasi bilan joylarda parlament nazoratini izchil yoʻlga qoʻyib, dolzarb ijtimoiy muammolarni tahliliy oʻrganib boradi, – dedi Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Robaxon Mahmudova. – Zamon talablariga qarab mahalliy Kengashlar faoliyatida ham yangi sifat oʻzgarishlariga erishamiz. Ularning samarali faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida deputatlik nazoratini kuchaytirish diqqat markazimizda boʻladi. Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida joylardagi oliy oʻquv yurtlari rektorlarining 2019
yilda amalga oshirgan ishlari va 2020-yil uchun rejalashtirgan vazifalari boʻyicha hisobotlar ilk bor eshitiladi. Buning natijasida xalqimiz tizimdagi muammolardan xabardor boʻladi. Bu saʼy-harakatlar jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat yuzaga kelishiga xizmat qiladi.
Kengash Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Majlisda Senat Kengashining vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.