Nukusdagi Prezident maktabida yangi loyiha ishga tushdi

Nukus shahridagi Prezident maktabida “Nukus PS FM” radio loyihasi ish boshladi. Loyihaning asosiy maqsadi o‘quvchi yoshlarning ommaviy axborot vositalari sohasidagi bilimlarini rivojlantirish va ularning shu soha bo‘yicha qobiliyatini yuzaga chiqarish imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Loyihaning “Special guest” — “Maxsus mehmon“ nomli dastlabki eshittiruvida maktab direktori Alisher Ubbiev va xorijlik o‘quv ishlari direktori Frenk Nelson Stefensenlar ishtirok etdi.
O‘quvchilarning qiziqishini inobatga olib, kelgusida eshittirishlar sonini ko‘paytirish maqsad qilingan va radio boshlovchilikka qobiliyatli o‘quvchilarni tanlab olish uchun kasting e’lon qilindi.
Radioeshittirishlarni uzatuvchi kolonkalar maktab binolari ichida joylashgan bo‘lib, eshittiruvlar o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

 

Ye.QANOATOV, O‘zA