Qoraqalpog‘istonda “O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi“ (MMA) federatsiyasi tashkil qilindi. Nukusdagi Yoshlar markazi binosining kichik zalida yangi federatsiya tashkil etilganiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda MMA Qoraqalpog‘iston federatsiya rahbari vazifasiga Rambergen Seytjanov, ijrochi direktor lavozimiga Adilbek Allanazarov va bosh murabbiy sifatida Uais Tlegenov tayinlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri G‘ayratbay Bayniyazov Qoraqalpog‘istonda “O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi“ tashkil etilishini muhim voqea deb atadi.
– MMA dunyodagi eng mashhur sport turlaridan biri. “O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi“ tashkil etilishi bilan kurashchilar malakali murabbiylar rahbarligida mashq qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, sportchilarning sog‘lig‘i ustidan qattiq tibbiy nazorat o‘rnatiladi, shuningdek, xorijiy musobaqalarda ishtirok etish uchun zarur hujjatlarni olishda yordam ko‘rsatiladi, – deydi u o‘z nutqida. – Birinchi navbatda Nukusda, yaqin kunlar ichida sportchilarimiz ichidan saralash turniri o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘istondagi barcha yetakchi murabbiylar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ye.Qanoatov, O‘zA