Biroz avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda ilm-fan sohasidagi eng muhim vazifalar muhokama qilindi.
2020-yil mamlakatimizda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilinib, bu boradagi ustuvor maqsadlar belgilandi. Yurtimizda avvaldan shakllangan ilmiy maktablar salohiyatini hisobga olib, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, bu yil matematika, kimyo, biologiya, geologiya fan va sohalarini rivojlantirish tanlab olindi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning matematika fani boʻyicha salohiyati dunyo miqyosida tan olinganini, funksional tahlil va differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va algebra yoʻnalishlari boʻyicha nufuzli maktablarimiz shakllanib faoliyat yuritayotganini, yetti nafar matematik olim Butunjahon fanlar akademiyasi aʼzosi ekanini alohida taʼkidladi.
Koʻplab xorijiy ilm-fan markazlari, xususan, Bonn, Kembrij, Parij, Seul kabi yirik shaharlardagi yetakchi ilm dargohlari bilan birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishga oid qarorining ijrosi doirasida poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining Matematika instituti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino barpo etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bugungi uchrashuvda matematikada ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bogʻlash, raqamli iqtisodiyot uchun mustahkam poydevor yaratish borasidagi dolzarb vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.
Yoshlarda matematika faniga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli bolalarni seleksiya qilib, ixtisoslashtirilgan maktablar va keyinchalik oliy taʼlim muassasalariga qamrab olish ishlarini toʻgʻri tashkil qilish kerakligi taʼkidlandi. Bolalar uchun mazkur fandan oddiy va tushunarli tilda yozilgan ommabop darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratish, matematik ongni, kerak boʻlsa, bogʻchadan boshlab shakllantirish vazifasi qoʻyildi.
– Matematika hamma aniq fanlarga asos. Bu fanni yaxshi bilgan bola aqlli, keng tafakkurli boʻlib oʻsadi, istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab ketadi, – dedi Prezident.
Har bir tuman markazida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktab tashkil qilib, ularda ishlaydigan oʻqituvchilarga qoʻshimcha ustama haqlar toʻlash boʻyicha koʻrsatma berildi. Ushbu muassasalarda oʻquv jarayonni ilmiy-metodik taʼminlash uchun Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda Xalq taʼlimi vazirligi masʼul etib belgilandi.
Matematika fani boʻyicha oʻquvchi, talaba va oʻqituvchilar oʻrtasida turli tanlovlar oʻtkazib, gʻoliblarni munosib ragʻbatlantirish, olimpiada tizimini takomillashtirgan holda sovrindorlarga beriladigan mukofotlarni koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.
Oʻqitish sifatini yangi bosqichga koʻtarish, matematika fanidan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini joriy etish zarurligi aytildi. Bunday sertifikat egasiga oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirishda matematika fanidan maksimal ball beriladi.
Yuqori malakali pedagoglar va ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimi samarasini oshirish, Matematika institutida ilmiy daraja beruvchi kengashga toʻliq mustaqillik berish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Mamlakatimizda matematika fani boʻyicha nufuzli xalqaro anjumanlar oʻtkazish, davlat byudjeti va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan har yili 100 nafar olimni xorijdagi ilmiy tadbirlar va stajirovkalarga yuborish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bugun Oʻzbekistonda kimyo yoʻnalishi boʻyicha toʻrtta ilmiy-tadqiqot muassasasi mavjud, ularda 250 nafardan ziyod ilmiy xodim faoliyat koʻrsatmoqda. Yaratilgan ishlanmalar asosida yangi oʻgʻitlar, defoliantlar, oʻsish stimulyatorlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Prezidentimiz kimyo sohasi mineral oʻgʻit ishlab chiqarish bilan cheklanib qolayotgani, bu yoʻnalishdagi taʼlim va ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirish zarurligini taʼkidladi.
Ilmiy ishlanmalarni joriy qilish samaradorligini oshirish, buning uchun tadqiqotlarning tarmoq korxonalari ehtiyojiga hamohangligini taʼminlash muhimligi qayd etildi.
“Oʻzkimyosanoat” va “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlariga oʻz tizimidagi yirik korxonalarda zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan tajriba-ishlab chiqarish laboratoriyalari tashkil etish, ularni fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga yoʻnaltirish esa Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuklandi.
Mineral resurslardan foydalanish unumdorligini oshirish maqsadida “Koʻmir va materiallar kimyosi” ilmiy-tajriba laboratoriyasini, Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutida “Koʻmir kimyosi va texnologiyasi” ilmiy yoʻnalishini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Zamonaviy qurilish materiallari yaratish boʻyicha yangi ilmiy muassasalar, xususan, yangi kompozit materiallar va innovatsion kimyo texnologiyalari boʻyicha tadqiqotlar olib boradigan laboratoriya tarmogʻini tashkil etish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Biologiya fani farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish uchun fundamental va texnologik asos boʻlib xizmat qiladi.
Bugun bu yoʻnalishda 7 ta ilmiy-tadqiqot muassasasida 600 nafarga yaqin ilmiy xodim faoliyat koʻrsatmoqda.
Prezidentimiz jahon bozori va ilm-fanidagi tendensiyalarni koʻrsatib oʻtib, agro va biotexnologiyalar, oziq-ovqat, shu jumladan, fudo-miks, bio-tibbiyot va farma-biotexnologiyalari yoʻnalishlarini kompleks rivojlantirish boʻyicha topshiriq berdi.
Oziq-ovqat tarkibi va uning inson salomatligiga taʼsirini oʻrganish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanishni targʻib etish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Botanika instituti faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha vazifalar belgilandi.
Mamlakatimiz oʻsimlik va hayvonot dunyosining raqamli davlat kadastrini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Bu yuqori darajadagi ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirish, biologik muhofaza choralarini belgilash, soha rivojiga oid muhim amaliy qarorlarni qabul qilish uchun imkoniyat yaratadi.
Tibbiyot va farmatsevtika sohalarida DNK va hujayraviy texnologiyalar, genetik tahlillar, yangi biomateriallar va biopolimerlarni ishlatish amaliyotini rivojlantirish, potensial isteʼmolchilar bilan ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yana bir ustuvor yoʻnalish – sanoat uchun mineral xomashyo bazasini taʼminlash bilan bilan bogʻliq boʻlgan geologiya sohasi.
Mamlakatimizda foydali qazilmalarning 70 dan ortiq turi boʻyicha 2 mingdan ortiq konlar aniqlangan. Lekin qazib olish va qayta ishlash oson boʻlgan konlar tobora kamayib bormoqda.
Yangi konlar topish uchun yer qaʼrining yanada chuqurroq qatlamlarini geologik oʻrganish, murakkab tarkibli konlarni oʻzlashtirish boʻyicha sohaga ilmiy asoslangan ilgʻor usullar va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda.
Shu maqsadda Toshkentda Geologiya fanlari universiteti tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbari sohadagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kengaytirish maqsadida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish, bunga davlat maqsadli grantlari bilan birga xorijiy grantlarni ham jalb etish zarurligini qayd etdi.
Geologiya va kon-metallurgiya kombinatlari salohiyatini birlashtirish, zamonaviy Geo-innovatsion texnologiyalar laboratoriyasi tashkil etish vazifasi belgilandi.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, “Raqamli geologiya” va “Togʻ jinslari va minerallarning milliy elektron bazasi” loyihalarini amalga oshirish, talabalarga yuqori aniqlikdagi kosmik suratlar asosida yerni masofadan zondlash usullarini oʻqitish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash va doktorantura tizimining natijadorligini ragʻbatlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Dissertatsiyasini muddatidan avval himoya qilgan doktorantlar va ularning ilmiy rahbarlari yoki maslahatchilarini munosib ragʻbatlantirish maqsadida tejalgan mablagʻlarni toʻliq toʻlab berish amaliyotini joriy qilish taklifi bildirildi.
Mutasaddilarga ilm-fan sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda oʻrta va uzoq istiqbolga moʻljallangan ilm-fan, texnologik va innovatsion taraqqiyot asoslarini belgilash vazifasi qoʻyildi.
Bugun boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda ilm-fan yoʻnalishlarida yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari olimlar va yoshlar bildirgan takliflar yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.