Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Kegayli tumaniga media-tur tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 15 fevraldagi “Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda sanoat usulida qayta ishlashni samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Buni “Lanko Miya” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
Tadbir ishtirokchilari korxona faoliyati bilan tanishdi. Umumiy qiymati 6 million 900 ming dollar bo‘lgan korxonada qizilmiya ekstrakti ishlab chiqarilmoqda.
– 2017 yilda qurilish ishlari boshlangan bo‘lsa, joriy yilda dastlabki mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi raisi Murod Gaipov. – Asosiy xaridor Xitoy, Germaniya davlatlari va AQShning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Yiliga 500 ming tonna qizilmiya ekstraktini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonada bugungi kunda 220 nafar kishi, asosan yoshlar mehnat qilmoqda. Ishchilar maxsus kiyim va issiq ovqat bilan ta’minlangan. Ularning ishga kelib-ketishi uchun transport ajratilgan.
Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan. Mahsulotlar korxonaning 100 ming dollar qiymatidagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyasida tekshiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qizilmiya ekstraktini olishdan chiqqan chiqindilardan ekin maydonlarini yumshatish, sho‘rini olishda foydalanish mumkin. Bu esa fermer xo‘jaliklarida hosildorlik ortishiga xizmat qilmoqda.
Kelajakda qizilmiya ekini ekish, chiqindilarni qayta ishlaydigan yangi sexlar tashkil etish, shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish nazarda tutilmoqda.
Media-tur ishtirokchilari “Kegayli-qog‘oz” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ham bo‘ldi. Umumiy qiymati 5 million dollar bo‘lgan korxona 2018 yilda foydalanishga topshirilgan. Jami 70 nafar kishi ish bilan ta’minlangan korxonada bugungi kunda salfetka va xo‘jalik qog‘ozi ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida esa ofis uchun mo‘ljallangan o‘lchamlardagi qog‘oz ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA