Yapon madaniyati va tarixini o‘rganish yanada takomillashadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga tashrifini Orolbo‘yi aholisi ham katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda .
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) mamlakatimizdagi vakolatxonasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ushbu agentlik volontyorlari sutami Kuriya va Yui Kobayashi xonim 2014-2016 va 2016-2018 yillar mobaynida Nukus shahridagi 31-davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat olib bordi.
Ular muassasada yapon tilini o‘rgatish bo‘yicha to‘garak tashkil etdi. O‘quvchilarga informatika fani bo‘yicha saboq berdi. O‘z navbatida Yaponiya madaniyati, tarixi, urf-odatlarini o‘rgatish bilan birga, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining urf-odatlarini o‘rgandi. Ayniqsa, sutami Kuriya dutorda qoraqalpoq xalqining milliy qo‘shiqlarini mahorat bilan ijro etgan.
– Prezidentimiz Tokiodagi Akasaka qarorgohida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sinichi Kitaokani qabul qilib, turli sohalarda, shu jumladan ta’lim sohasidagi loyihalarni o‘z ichiga olgan yangi dastur bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgani bizni yanada quvontirdi, – deydi Nukus shahridagi 31-davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Venera Qalenova. – O‘quvchilarimizning Yaponiya madaniyatiga, tarixiga va tiliga qiziqishi katta.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti chet tillari fakulteti talabalariga ham yapon tilini mukammal o‘rganishlari uchun imkoniyat bor. Bu esa kelgusida bu yerda ta’lim olgan yoshlarga Yaponiyaning zamonaviy texnologiyalari, ilg‘or tajribalari, madaniyati va tarixi bo‘yicha izlanishlar olib borishiga imkon beradi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi madaniyati, urf-odati bir-biriga yaqin bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA