To‘y – xalqimizning ezgu an’analarini o‘zida mujassam etgan qadim qadriyat. Keksalar uchun orzu-havas bekati, yoshlar uchun yangi hayot, yangi olam ostonasi. Afsuski, keyingi paytlarda o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida dabdaba bilan to‘y qilish holatlari paydo bo‘lmoqda-ki, bu xalqimizga xos go‘zal qadriyatlarga mutlaqo yotdir.

Xalqimizda o‘zingga yarashmagan ishni qilma, degan ibora bor. Albatta, o‘ziga yarashmagan ishni qilgan odam uyatga, malomatga qoladi. Ayni paytda to‘ylarimizda urfga aylanib ulgurgan “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi ikki yosh haqida “film”, kelin-kuyovning valsga tushishi, gul otish, yana allaqanday qiliqlar milliy qadriyatlarimizga yot, o‘zligimizga yarashmaydigan bema’ni xatti-harakatlar, xolos. Biz qachondan beri nikohsiz yigit-qizning uchrashuvlariga, qo‘l ushlashib sayru sayohat qilishiga yo‘l bera boshladik? “Syomka” jarayonida videokamera kelin-kuyovning xobxonasigacha kirib borishi sharmsizlik emasmi?!

…To‘yxonada chiroq bir o‘chib yondi. Sahnaga ko‘z tashlasam, oppoq qo‘lqopli kuyov kelinning belidan quchgancha raqs tushmoqda. Dasturxon atrofidagi yoshi ulug‘ insonlarga razm solaman. Xuddi o‘zlaridan uyalganday xijolat chekib o‘tirishibdi. Yonimdagi kishiga bu holat haqida aytsam, xotirjam kulib: “bu ham taraqqiyot” dedi. Taraqqiyot qadriyatlarimizni oyoqosti qilish evaziga bo‘ladimi?! Maishiy-madaniy turmushimizga yot illatlarni kiritish taraqqiyotni belgilaydimi?! To‘ydan oldingi “Sevgi hikoyasi”chi?! Bu videotomoshaga kiritilayotgan “yangiliklar”ni ko‘rib bir kulging kelsa, bir yig‘laging keladi kishining.

Kelin-kuyovning ilk uchrashuv jarayoni tasviri ko‘rsatilmoqda. Qiz kutubxonada qalin muqovali kitobni mutolaa qilmoqchi. Kitob javonlari orasidan bir yigit unga tikilib turgani birdan xayolini bo‘ladi kelinning. To‘g‘ri, uchrashuv kitob targ‘iboti bilan boshlangani yaxshi. Zero, ma’naviy yaqinlikkina ikki yosh qurayotgan oila poydevorini mustahkamlaydi. Ammo bo‘lajak kelin haqiqatan ham kitobxonmi yoki umrida birinchi marta badiiy kitob ushlamoqdami? Haqiqiy kitobxon bo‘lsa, uning dunyosida “ommaviy madaniyat” illatlari nima qilib yuribdi?!

Farg‘ona viloyatida ham bugungi kunda to‘y va boshqa marosimlarni tartibli va ixcham o‘tkazish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlar nimani xohlasa, shuni qilishsin, ularni o‘z holiga qo‘yaylik, deguvchilar adashadilar, – deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Marg‘ilon shahar kengashi bosh mutaxassisi Muxtasarxon Nabiyeva. – Farzand ota-ona qadrini hayot so‘qmoqlaridan sabr-toqat bilan o‘tganda anglaydi. Ko‘z o‘ngida cho‘kib borayotgan ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilish o‘rniga ularning gardaniga ortiqcha chiqimlar yuklash odobdanmi? Biz shahrimizdagi barcha 54 mahallada shunday mazmunda suhbatlar olib bordik. Joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida birorta mahallada erta turmush qurish holati yoki dabdabali “ZAGS”, to‘y marosimi kuzatilmadi. “Fotiha to‘yi” ixchamlashtirildi. Shu kunning o‘zida ziyofatdan nasiba deb bo‘lajak kuyovga berib yuborilyapti. “Xat yozdi”, “Mehmon chaqirdi”, “Ota ko‘rdi”, to‘ydan keyin qirq kungacha ziyofat olib borish kabi marosimlarga chek qo‘yildi. Kuni kecha Uzumzor mahallasining Soybo‘yi ko‘chasida istiqomat qiluvchi Ismatullo Begmatov xonadoniga kelin tushdi. To‘ydan avval xonadon boshlig‘i kelin-kuyov uchun mebel jihozlarini o‘zi sotib oldi. Qaynona bo‘lmish uy pardalarigacha tiktirib, gilamlarni ham to‘shab qo‘ydi. To‘y juda fayzli, hamma havas qiladigan darajada o‘tdi, uy egasi haqiga duolar qilindi. Hozir Bobur nomidagi, ”Go‘ravval“, ”Orolbo‘yi“, ”Uzumzor” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xonadonlarda ham shunday xayrli ishlar amalga oshirilayapti. To‘ydan avvalgi va keyingi xarajatlar borasida qudalar o‘zaro kelishib olmoqda.

Toshloq tumani hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi hamkorligida to‘ylarni bir kunda o‘tkazish, ortiqcha marosimlarga barham berish, umuman, ularni ixchamlashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi. Hozir barcha to‘ylar ushbu tavsiyalar asosida o‘tkazilmoqda.

– Hozir ham “dabdabali to‘y qilaman, to‘yga falonchi san’atkorni olib kelaman”, deb niyat qiladigan oilalar bor, – deydi Toshloq tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Komila Kavlonova. –Lekin elga kirsang elingcha, degan gap bejiz aytilmagan. Prezidentimiz O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida to‘ylarimiz haqida juda dolzarb muammolarni tilga oldi. Davlatimiz rahbarining to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki butun hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqidagi fikrlaridan tegishli xulosa chiqarildi, ishchi guruh a’zolari bu borada o‘z tavsiyalari bilan mahallalarda tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Tumanning Qipchoqariq mahallasida Hurmatillo Turg‘unovlar oilasida to‘y bo‘ldi. To‘ydan avval ikki yosh guvohlar bilan kelishib, FHDYOdan o‘tishdi. Marosim ixcham, kamchiqim o‘tdi. Hammaga ma’qul tushdi. Axir, baxtga dabdaba bilan erishilmaydi-ku!

Albatta, joylarda bu yo‘nalishda salmoqli ishlar olib borilmoqda. Biroq, bu gohida yetarli emasdek. Ba’zan kundalik hayotda to‘y va boshqa marosimlar bilan bog‘liq noxush voqealar haqida ham eshitib qolamiz. Uning kelib chiqishini tahlil qilsangiz, ortiqcha dabdayu manmanlikka yo‘l qo‘yilganiga guvoh bo‘lasiz. Ammo to‘y shaxsiy va oilaviy masala bo‘lish bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ham molik tadbirdir. Shunday ekan, u bilan bog‘liq marosimlar qadriyatlarimizga mos, turmushimizga xos tarzda nishonlanishi zarur.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA