Nukusda Tibbiyot xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

Tibbiyot sohasi xodimlari, tegishli vazirlik, tashkilot va idora vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, tibbiyot sohasini boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, tibbiyot xodimlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda zamonaviy talab darajasiga javob bermaydigan kam quvvatli qishloq joylardagi birlamchi davolash-profilaktika muassasalarining xizmatlari oʻrniga yangidan qishloq oilaviy poliklinikalari tashkil etildi va ular zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Natijada jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan onalik va bolalikni himoyalash boʻyicha amalga oshirilayotgan milliy modeli yuqori baholandi va Yevropadagi rivojlangan mamlakatlarga namuna sifatida tavsiya qilindi.
Orolboʻyida bolalarning salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish maqsadida YUNISEF, jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda bir qancha loyihalar asosida ishlar olib borilib, ijobiy natijalarga erishildi.
Investitsiya dasturi doirasida joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami 60 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 12 ta, mahalliy byudjetdan hisobidan 25 milliard 500 million soʻmlik 37 ta sogʻliqni saqlash obyektida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borildi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-21-avgust kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriq asosida Moʻynoq tumanida 2019-yilning manzilli dasturiga kiritilgan jami 8 ta sogʻliqni saqlash obyektida qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun mahalliy byudjetdan 11,8 milliard soʻm, Investitsiya dasturi doirasida 1 ta obyekt uchun 2,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bundan tashqari, Orolboʻyidagi davolash muassasalari va tuman tibbiyot birlashmalarining moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida kredit va grant mablagʻlari asosida 8 milliard soʻmlik xamda mahalliy byudjet hisobidan 12 milliard soʻmlik jami 66 turdagi zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob uskunalar bilan taʼminlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar inson manfaatlarini muhofazalash, xalqimizni tibbiy-ijtimoiy himoyalash koʻlamini kengaytirish, jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda muhim omil boʻlayotir. Ushbu soha vakillarining sharafli va masʼuliyatli kasbini eʼzozlash, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish, shifokorlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish masalalari doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda.
Jumladan, mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami munosabati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Nukus filiali 1-jonlantirish boʻlimi mudiri Kim Vitaliy Yakovlevich “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” unvoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi hamshirasi Tamara Yeshanova “Doʻstlik” ordeni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi silga qarshi kurashish dispanserining bosh shifokori Primqul Nazirov hamda Shumanay tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻining oʻrinbosari, koʻp tarmoqli markaziy poliklinika boshligʻi Satkeldi Adakayev “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” unvoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda bir guruh soha xodimlariga “Ardoqli nuroniy” hamda “Vatan fidoyisi” koʻkrak belgilari topshirildi.
Tantanali majlisda sanʼat ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA