Yaponiya va AQSH giper tovushli qurolni tutishga mo‘ljallangan yangi raketa uchun 3 milliard dollar sarflaydi. Ushbu mablag‘ning uchdan birini kunchiqar mamlakat ajratadi. Bu haqda “Kiodo” agentligi Pentagon tarkibidagi Raketa hujumiga qarshi mudofaa departamentiga tayanib yozgan.

Rejaga ko‘ra, raketa 2030-yillar o‘rtalarida tayyor bo‘lishi kerak. Mazkur loyiha ikki mamlakatning raketa sohasidagi hamkorligi doirasida erishilgan ikkinchi kelishuv hisoblanadi. Avvalroq bu qudratli davlatlar ballistik raketani ushlab qoladigan “SM-3 Block2A” raketasini sheriklikda yaratish g‘oyasini ilgari surgan.

Bu galgi tashabbus ikki davlat yetakchilarining o‘tgan yil avgustdagi kelishuvi chog‘i tasdiqlangan. Yangi raketa parvoz boshlangandan keyin ajralib chiqib, nishonga qarab yo‘nalgan jangovar kallakni tutishi lozim. Raketani topish va kuzatib borish imkonini oshirish uchun AQSH yuqori aniqlikdagi kichik yo‘ldoshlar guruhidan foydalanadigan tizim yaratadi. Qurilma ikki mamlakat harbiy kemalariga o‘rnatiladi.