Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” tanlovining saralash bosqichi o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida yoshlarning yangi, kreativ g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarini amalga oshirishlari uchun ularni ruhlantirish, sohada ilg‘or va tashabbuskor yoshlar uchun imkon yaratib berish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlov tom ma’noda talaba-yoshlarni qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion g‘oyalarni joriy etishga jalb etadi.

Jami 4 shart asosida o‘tkazilgan tanlovga Veterinariya va zooinjeneriya fakulteti talabalaridan tarkib topgan 5 ta jamoa qatnashdi. Ishtirokchilar o‘z chiqishlari davomida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga oid loyihalarni taqdim etishdi.

Hakamlar hay’ati a’zolari loyihaning bugungi kunda dolzarbligi, ilgari surilayotgan g‘oyaning muhimligiga alohida e’tibor qaratdi. Yakuniy natijalariga ko‘ra, Zooinjeneriya kafedrasining “Kelajak yoshlari” jamoasi 1-o‘rinni egallab, tanlov g‘olibiga aylandi. Iqtisodiyot va gumanitar fanlar kafedrasining “Yosh buxgalterlar” jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Veterinariya meditsinasi va oziq-ovqat xavfsizligi kafedrasining “Kelajak umidlari” jamoasi 3-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

G‘olib jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.