O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Kam ta’minlangan oilalarni bandlik bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish to‘g‘risida”gi nizomga asosan tijorat banklari muayyan mehnat turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarning voyaga yetgan a’zosiga imtiyozli mikrokreditlar ajratishni boshladi.


Mikrokredit olish istagida bo‘lgan kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek tijorat banklarining mas’ul xodimlaridan tashkil topgan Ishchi guruh tomonidan shakllantirilib, tijorat banklari ushbu ro‘yxat asosida mikrokreditlar ajratmoqda.
Mikrokreditlar qarz oluvchilarga quyidagi maqsadlarda foydalanish uchun beriladi:
– tikuv mashinalari, matolar va boshqa carf materiallari, kosibchilik faoliyati uchun inventarlar, maishiy, komputer va boshqa texnikalar, shuningdek, mehnat bilan bandlikni ta’minlovchi boshqa asbob-uskunalar xarid qilish;
– shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish (kichik issiqxonalar barpo etish, chorva mollari, parranda sotib olish, og‘ilxona va tovuqxona qurish, bog‘dorchilik inventarlari va asboblari xarid qilish).
Mikrokreditlar eng kam ish haqining 100 baravari (hozirgi kunda 14 977 500 so‘m) miqdorigacha yillik 4 % stavkada, 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Yuqorida keltirilgan Ishchi guruhi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga kiruvchi kam ta’minlangan oilalar a’zosi mikrokredit olish uchun o‘zi yashab turgan tuman bo‘yicha biriktirilgan bank filiallariga murojaat qilishi lozim.
Kredit olish to‘g‘risidagi ariza bank tomonidan 3 kun muddatda ko‘rib chiqilishi va kredit ajratilishi davomida mijozdan qo‘shimcha to‘lovlar undirilmasligi belgilangan.

Kredit ajratish yuzasidan tijorat banklari filiallariga nisbatan ariza va shikoyatlar mavjud bo‘lgan taqdirda quyida keltirilgan ishonch telefonlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz.