Seul, 23 noyabr. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 22-noyabr kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga keldi.
Tashrifning asosiy voqealari 23-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dastlab ikki mamlakat iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari ishtirokida o‘tgan Janubiy Koreya – O‘zbekiston biznes-forumida qatnashdi.
700 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan forum ochilishida Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning qutlovi o‘qib eshitirildi.
Prezidentimiz o‘z nutqida O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, mamlakatimizda biznes yuritish uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi. O‘zbekiston Koreya Respublikasi biznes vakillari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda Koreya Respublikasi biznes markazi tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Janubiy koreyalik moliya va ishbilarmon doira vakillari O‘zbekistonda faol biznes yuritish uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi.
Shu yerda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi bir yillik faoliyati haqida koreys tilida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 50 ming nusxada chop etilgan kitob 8 bo‘lim, 320 sahifadan iborat.
Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan qariyb 170 ming odam xoki qo‘yilgan Milliy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Vatanparvarlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasi Prezidentining “Chong va de” (“Moviy saroy”) qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul oldidan o‘tdilar.
Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje Inning tor doiradagi muzokarasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqlarini qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Ikki xalqning madaniyati, mentaliteti o‘xshash. Taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan koreyslar o‘zbeklar bilan do‘st-birodar bo‘lib ketgan, jamiyatimizning faol a’zolariga aylangan. Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, mahalliy Kengashlarda, boshqaruv organlarida, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yuritayotir.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda ko‘p sonli koreys diasporasi muhim rol o‘ynaydi. Ushbu millat vakillari MDHda eng yirik diaspora bo‘lib (180 mingdan ziyod), nufusi jihatidan dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Joriy yilda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz O‘zbekistonda yashayotganining 80 yilligi keng nishonlandi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi aloqalari 2006-yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2014-yilda qabul qilingan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya va boshqa muhim hujjatlar asosida izchil rivojlanmoqda. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
Koreya Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi strategik sheriklardir. Janubiy Koreya yuksak darajada taraqqiy etgan, ulkan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida dunyoda e’tibor qozongan. Ochiqlik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida qaror topgan hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz, dedi davlatimiz rahbari.
Mun Chje In Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan qutlab, oliy darajadagi an’anaviy muloqotlarni davom ettirish va yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston bizning eng yaqin hamkorlarimizdan biri bo‘lib, turli sohalardagi aloqalarimiz izchil rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Janubiy Koreya bugungi kunda butun Yevrosiyoda tinchlik va farovonlikni mustahkamlash yo‘lidan bormoqda. Markaziy Osiyoda asosiy o‘ringa ega O‘zbekiston ushbu rejaning markazidadir, dedi Koreya Respublikasi Prezidenti.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri 14 marta davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. So‘nggi yillarda ushbu muloqotlar yanada faollashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarida va gumanitar sohada o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi siyosiy munosabatlari xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhida davom etmoqda. Tomonlarning global hamda mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha yondashuvlari o‘xshash yoki yaqindir.
Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildilar.
Bugungi kunda hukumatlar, vazirlik, idora, moliya, bank institutlari va biznes tuzilmalari o‘rtasida mustahkam munosabatlar tobora kengayib bormoqda. Parlamentlararo aloqalar rivojlanib, Tashqi ishlar vazirliklari maslahatlashuvlari doimiy ravishda o‘tkazilmoqda.
Koreya Respublikasi Osiyo – Tinch okeani mintaqasida O‘zbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklaridan biridir. 2016-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard AQSh dollaridan oshdi. Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasida O‘zbekiston ulushi qariyb 50 foizni tashkil qiladi.
Oliy darajadagi uchrashuvda ayni paytdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyat va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish bo‘yicha yangi qadamlar tashlanishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan izchil islohotlar zamirida xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ezgu g‘oya mujassam ekanini ta’kidlar ekan, Koreya Respublikasida ham davlatning haqiqiy egasi xalqdir, degan g‘oya uyg‘unligiga e’tibor qaratdi.
Koreya Respulikasi Prezidenti ham O‘zbekistonda xalqchil va oqilona siyosat olib borilayotgani, bu mamlakatning izchil taraqqiyotida muhim omil bo‘lishini qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hamkorligi keng ko‘lam kasb etgan. Rasmiy Seulning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etgan investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi. Yurtimizda ushbu mamlakat kapitali ishtirokida 461 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 386 tasi qo‘shma korxona bo‘lsa, 75 tasi to‘laligicha koreys sarmoyasi evaziga tashkil qilingan. Mazkur korxonalar neft-gaz, neft-kimyo va kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika hamda to‘qimachilik sohalarida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport va logistika, turizm yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Energetika sohasidagi aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. 2016-yil Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi barpo etildi. Mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorligining yorqin namunasi bo‘lgan ushbu yirik loyihaga 4 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilgan.
Ma’lumki, Koreya Respublikasi xalqaro miqyosda rivojlangan va jozibador erkin iqtisodiy zonalarga ega mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ushbu mamlakat O‘zbekistonda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish va ularni rivojlantirishga ko‘maklashayotir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida Janubiy Koreya, Xitoy, Italiya, Singapur, Hindiston, BAA va boshqa mamlakatlar ishtirokida 20 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 2008-yildan beri “Korean Air” kompaniyasi “Navoiy” xalqaro aeroporti orqali yuk tashishlarni amalga oshirmoqda, aeroportda ilg‘or texnologiyalar hamda samarali tizimli nazoratni joriy etib kelmoqda.
Joriy yilning may oyida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “CNP Dream” kompaniyasi bilan hamkorlikda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod qurildi. Ushbu mahsulotlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilinayotir.
Zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash asosida shaharlarni boshqarish, transport tizimi hamda uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizim tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan keng foydalanilmoqda.
Joriy yilning 24-oktabr kuni Janubiy Koreyaning yer resurslari, infratuzilmalar hamda transport vaziri Kim Xyon Mi boshchiligidagi “Korea Eximbank”, “Korea Expressway”, “Hyundai Engineering Co. Ltd”, “POSCO Engineering and Construction”, “HSnK Architects Group” singari yirik kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya “Tashkent City” xalqaro biznes markazi loyihasi bilan tanishish maqsadida mamlakatimizda bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar va “aqlli shaharlar” qurilishiga ustuvor ahamiyat berish maqsadida yurtimizda bo‘lgan investorlar biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa, valyuta siyosati liberallashtirilganiga alohida e’tibor qaratdi.
Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi hamda Koreya eksport-import banki mamlakatimizda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. “Samsung”, “LG” singari yirik korporatsiyalar yurtimizda qo‘shma korxonalar tashkil qilmoqda. Xususan, “Samsung” “Artel” kompaniyasi bilan maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Madaniy-gumanitar aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Yurtimizda Koreya Respublikasi madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Koreys madaniyati va san’ati uyi qurilmoqda. Ushbu loyiha mamlakatimizdagi koreys diasporasiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol ifodasidir.
Ta’lim sohasidagi aloqalar ham tobora rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari Janubiy Koreyaning 30 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Qator ta’lim muassasalarida koreys tili hamda madaniyati markazlari ochilgan. 2014-yil Toshkent shahrida Inha universiteti ochilgani bu boradagi aloqalarni yangi pog‘onaga ko‘tardi. Ushbu oliy ta’lim muassasasi xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali IT-mutaxassislar tayyorlashga munosib hissa qo‘shayotgan ilk xorijiy ta’lim dargohidir. Bugungi kunda universitetda mingdan ziyod talaba axborot texnologiyalari, injiniring va logistika yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
Muzokarada tomonlar oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirish, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, gumanitar aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Koreya Respublikasi Inson resurslarini boshqarish vazirligi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi, ikki mamlakat Adliya vazirliklari o‘rtasida Hamkorlik memorandumi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirliklari o‘rtasida O‘zbekistonda Milliy elektron savdo platformasini joriy qilish bo‘yicha hamkorlik bitimi, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo memorandum, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan Koreya Strategiya va moliya vazirligi o‘rtasida Bilimlar almashinuv dasturi bo‘yicha Anglashuv memorandumi, 2018-2020-yillarda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi kreditlari bo‘yicha hukumatlararo hadli kelishuv hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondi bilan Koreya Respublikasi eksport-import banki o‘rtasida moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv kabi oltmishdan ortiq hujjat imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.