Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi toʻgʻrisida  AXBOROT

2019-yil 4-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisini joriy yil 11-oktyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimizning yaqin kelajakda rivojlanish yoʻnalishlarini belgilab beruvchi, taraqqiyotining yangi bosqichidagi maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi, “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi, “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari, baʼzi davlat organlarining, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa qonunlar senatorlar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Senat aʼzolari Madaniy oʻzlikni namoyon etish shakllari xilma-xilligini himoya qilish va ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi Xalqaro konvensiyani (Parij, 2005-yil 20-oktyabr) ratifikatsiya qilish masalasini ham muhokama qiladi.
Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati toʻgʻrisidagi axboroti, shuningdek, Namangan viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.
Senat aʼzolari ota-onalar qarovisiz qolgan va Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar, tabiiy gaz quvurlari tizimi holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish toʻgʻrisidagi masalalarni ham muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati qoʻmitalari va devonining yigirma uchinchi yalpi majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati

 

OʻzA