Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlis kun tartibidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakilini roʻyxatga olish masalasi oʻrin oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasiga asosan deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.
Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Siyosiy partiyaning vakolatli vakili toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq, Siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda oʻz vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Maʼlumki, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2019-yil 20-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boʻyicha saylov kampaniyasi boshlanishini eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi va shu kundan boshlab saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilindi.
Shu munosabat bilan mamlakatimiz siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya rahbarlari oʻz vakolatli vakillarini tayinlab, ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qildi va tegishli hujjatlarni taqdim etdi.
Markaziy saylov komissiyasi partiyalar rahbarlari tavsiya etgan vakolatli vakillarga tegishli hujjatlarni koʻrib chiqib, ularni roʻyxatga olish hamda guvohnomani (mandat) berish haqida qaror qabul qildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Baxtiyor Yoqubov, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Abdukamol Rahmonov, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Nodir Muxtorov, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan Ulugʻbek Vafoyev, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Islom Xushvaqtov vakolatli vakillar sifatida roʻyxatga olindi.
Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiya oʻzining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini toʻplagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar koʻrsatishi mumkinligi va imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilishi belgilangan.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ularning roʻyxatga olinganligi haqidagi guvohnomalar hamda saylovchilarning imzolarini toʻplashlari uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi.
Nurillo NASRIYEV, OʻzA