Joriy yilning 20-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Rossiya Federatsiyasi Hukumat Raisining birinchi oʻrinbosari – moliya vaziri A.Siluanov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat rahbarlarining davlat tashriflari, oliy darajadagi boshqa uchrashuvlar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar ijrosi, shuningdek, ularni belgilangan muddatlarda va toʻlaqonli bajarish boʻyicha amalga oshirilayotgan zarur chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil boshida Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilajak tashrifiga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqildi, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qator hujjatlar, jumladan, strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu bilan birga, uchrashuv chogʻida eng muhim sohalar, xususan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha fikr almashildi.
Tomonlar oʻzaro manfaatdorlik va ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlarning yuksak darajasi, shuningdek, uni yanada kengaytirish boʻyicha ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi.
OʻzA