2017-yilning 1-dekabridan boshlab hunarmandlar o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliqdan ozod etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab qo‘yildi.
Hujjatga muvofiq, «Hunarmand» uyushmasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a’zo sifatida a’zolik badali to‘lovisiz kiritiladi.
2017 yilning 1 dekabridan boshlab hunarmandchilik subektlari – «Hunarmand» uyushmasining a’zolari hunarmandchilik faoliyati mahsulotlari (tovar, ish, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliqdan ozod etilishi belgilab qo‘yildi.
Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandlar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etiladi.
Qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘laydi. Bundan tashqari, «Hunarmand» uyushmasiga a’zo hunarmandlarga kasb-hunar kollejlarining maxsus ustaxonalarida hunarmandchilik bo‘yicha ta’lim berishda yakka tartibdagi tadbirkorlar kabi shartnoma tuzish va ko‘rsatilgan xizmat uchun soliq to‘lamaslik huquqi beriladi.
Hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisobraqamidagi chet el valyutasini naqd shaklda olish huquqi beriladi.
Xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazma, tanlov, yarmarka davomida sotilgan hunarmandchilik mahsulotlari eksport shartnomalari tuzilmasdan amalga oshirilishi mumkin, buning natijasida olingan daromad esa eksport tushumi hisoblanmaydi.
Tijorat banklari tomonidan hunarmandlarga milliy valyutada imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi.
Bunda imtiyozli mikrokreditlar olti oy imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, ikki yil muddatga, eng kam oylik ish haqining 300 barobaridan oshmagan holda beriladi.
Imtiyozli mikrokreditlar «Hunarmand» uyushmasiga a’zo bo‘lgan va farmonning 1-ilovasiga muvofiq hunarmandchilik faoliyatini amalga oshiruvchilarga beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tashabbuskorlar va tijorat banklarining kredit mablag‘larini jalb etgan holda 2018-2019-yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini o‘z vaqtida qurish va foydalanishga topshirishni ta’minlaydi.
Hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tarixiy-an’anaviy arxitektura uslubida qurilib, ularga zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini tortib boriladi va hududlarida karvonsaroy (mehmonxonalar), kafe, restoran va turistlarni jalb etish uchun boshqa obektlar joylashtiriladi.
Ushbu markazlar hududida «tarixiy sharq bozori» uslubida savdo rastalari va xalq ijodi (dorboz, polvon, masxarabozlar va boshqalar) ko‘rgazmalari uchun maxsus joylar ajratiladi.
Mazkur markazlarda qurilayotgan turar joy binolarining birinchi qavatida ustaxona va savdo inshootlari, yuqori qavatlarida hunarmandlar uchun turar joylar tashkil etiladi.
Har yili sentabr oyida xalq hunarmandchiligi va amaliy san’atini namoyish etishga yo‘naltirilgan «Sharq marvaridi» O‘zbekiston an’anaviy san’at xalqaro festivali tashkil etiladi hamda har yili hunarmandchilik mahsulotlarining «Oltinqo‘l hunarmand» xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Farmonda belgilanganidek, doimiy savdo joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.
Hunarmandlar uchun davlat mulki obektlari uchun ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.